Ekologiya qo‘mitasi qurilish tashkilotlarini qat’iy ogohlantirdi
Jamiyat
−
24 noyabr 2025 4360 3 daqiqa
Joriy yilning 21 noyabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qurilish maydonlarida ba’zi talablarga amal qilinishi kerakligini eslatib, ushbu talablardan bo‘yin tovlagan qurilish tashkilotlari javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 noyabrdagi “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 yanvarga qadar atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I toifaga, 2026 yil 1 iyulga qadar esa II toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar quyidagi majburiyatlarni bajarishi shart:
- atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ekologiya organlariga integratsiya qilish;
- yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini o‘rnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish;
- sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.
Qonunchilikka muvofiq, ushbu majburiyatlarni bajarmagan sub’ektlarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi. Bundan tashqari, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 24-moddasiga ko‘ra, meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotgani munosabati bilan korxonalar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishi shart.


Mazkur ko‘rsatma xati yetkazilgan kundan boshlab ular yuqoridagi majburiyatlarni bajarishi hamda 10 kun muddat ichida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.
Ushbu majburiyatni bajarmagan korxonalar faoliyati “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga (ekologik nazorat natijalarini ro‘yobga chiqarish shakllari) asosan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qarori bilan 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatiladi yoki belgilangan tartibda tugatiladi.
Shuningdek, ekologik majburiyatini bajarmagan korxonalarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 85-1-moddasi (qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik), 95-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi organlari nazorati ostidagi ob’ektlarda sanoat xavfsizligi talablarini buzish) hamda 197-6-moddalari (ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, shuningdek uning ko‘rsatmalarini bajarmaslik) bo‘yicha ma’muriy choralar qo‘llaniladi. Atmosfera havosi ifloslanishiga sabab bo‘lgan korxonalar Jinoyat kodeksi asosida jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.
Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda Toshkent shahri havo sifatining buzilishi bo‘yicha dunyoda yetakchi shaharlar qatorida turibdi. Masalan, 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketgandi. 16 noyabr kuni ham Toshkent atmosferasidagi mayda zarrachalar miqdori me’yordan bir necha baravar oshdi. 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini, keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.
Live
Barchasi