Toshkent va Andijon havosi ifloslanishi ortidan aholi ogohlantirildi
Jamiyat
−
11 noyabr 2025 4499 1 daqiqa
Bugun, 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketdi. Buning ortidan O‘zgidromet aholiga ogohlantirish bilan chiqdi.
Soat 09:00 holatida atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi avtomatik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi:
- PM 10 mayda dispersli zarrachalarning miqdori 189 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu ruxsat etilgan me’yorlardan (300 mkg/m3) oshmagan;
- PM 2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 143 mkg/m3 ni tashkil etgan va ruxsat etilgan me’yorlardan (60 mkg/m3) 2,4 marta oshgan.
Andijon avtomatik stansiyasida soat 10:00 holatida atmosfera havosidagi PM 10 mayda zarrachalarining miqdori 502 mkg/m3 ni tashkil etgan va yillik ruxsat etilgan me’yordan 1 barobar oshgan.
PM 2,5 mayda dispersli zarrachalarining tarkibi 314 mkg/m3 ni tashkil etgan hamda yillik ruxsat etilgan me’yordan 8,9 barobar oshgan.
Ushbu shaharlar aholisi hamda mehmonlaridan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘raladi. Xususan, ochiq havodagi faoliyatni qisqartirish, tashqariga chiqqanda niqob taqish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 noyabr kuni Toshkent shahri dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqqani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi