Havo sifatini yaxshilash uchun Toshkent IEMda mazutdan voz kechildi

Jamiyat

image

Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi. Bu haqda kecha, 20 noyabr kuni jurnalist va blogerlar uchun “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, press-tur doirasida Toshkent issiqlik elektr markazida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari jamoatchilikka taqdim etilgan. Markazda 5 ta qozon agregati va 1 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Korxonada mazut yoqilg‘isi foydalanishdan to‘liq chiqarilgan, elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosidagi zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqarilmoqda.

2024 yilda markazda umumiy quvvati 64 MV bo‘lgan yangi 2 ta gaz-turbina qurilmasi ishga tushirilgan. Natijada yiliga atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 200 tonnaga kamayishiga erishilgan.

Yangi qurilmalar orqali yiliga qo‘shimcha 515 mln kV·s elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida korxona hududiga 4 ta avtomatik monitoring stansiyasi (AMS) va 1 ta ekopost o‘rnatilgan. Ularning barcha ko‘rsatkichlari real vaqtda Ekologiya tashkilotining Situatsion markaziga uzatiladi va doimiy tahlil qilinadi. Shuningdek, gaz tarmoqlarida mexanik birikma filtrlari to‘liq yangilangan.

“Korxona Toshkent shahri markazida joylashgani bois, ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatish va shahar ko‘rkini oshirish borasida ham faol ishlar olib borilmoqda. Xususan, 15,5 gektar yer maydonida 16 490 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘” yaratildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq co‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havoni ifloslantiruvchi PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarralari miqdori oshib ketgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq esa O‘zgidromet mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bu holat bir vaqtning o‘zida kuchayib namoyon bo‘lgan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent chang havo ifloslanishi mazut issiqlik elektr markazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing