Diqqat! O‘zbekistonda qurilish bo‘yicha ekologik talablar kuchaytirilmoqda
Jamiyat
−
23 noyabr 3339 3 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda qurilishga nisbatan ekologik talablar kuchaytiriladi. Qurilish kompaniyalari qurilish maydoniga fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar o‘rnatishi shart etib belgilanmoqda. Bu haqda kecha, 22 noyabr kuni yangi tashkil etilgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov jurnalistlar, ekologlar va faollar bilan o‘tkazgan muloqotida QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qo‘mita raisining aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 18 noyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ilovasiga muvofiq, endilikda xalqaro standartlar talablariga javob beradigan qurilish uchun ajratilgan ob’ektlarda qurilish boshlanishidan oldin quruvchi tashkilotlar tomonidan fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar o‘rnatilishi va boshqa ekologik talablarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Qurilishda ekologik faoliyat standarti talablari” ishlab chiqiladi.
Rejaga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qurilish maydonlarida fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar majburiy ravishda o‘rnatiladi. Bosqichma-bosqichlik tamoyiliga ko‘ra:
• 2026 yil 1 yanvardan 2000 kv metr va undan yuqori;
• 2027 yil 1 yanvardan 1000 kv metr va undan yuqori;
• 2028 yil 1 yanvardan 500 kv metr va undan yuqori maydonga ega qurilishlarda fon monitoring stansiyalari va onlayn kameralar o‘rnatilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan maydonining 30 foizi kam ko‘kalamzorlashtirilgan, balandligi 12 metr va (yoki) umumiy maydoni 500 kv metrdan ortiq bo‘lgan binolarni qurish taqiqlanadi.
500 kv metr va undan yuqori maydonga ega bo‘lgan qurilish ob’ektlariga nisbatan qo‘yilayotgan talablar yuzasidan 2026 yilning 1 mayiga qadar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi tomonidan tekshiruv olib boriladi. Unda qurilish ob’ektining 25 foizi yashillik darajasi mavjudligi, suv purkagichlar o‘rnatilgani, qurilishda foydalanilayotgan avtotransport g‘ildiraklari uchun yuvish hovuzlari borligi, brezent yoki PVX tent bilan yopilganligi o‘rganiladi.
Qurilish ob’ektlariga, quruvchi kompaniyalarga qo‘yilayotgan yangi talablar haqida gapirarkan, Qo‘mita raisi – Ekologiya masalalar bo‘yicha Prezident maslahatchisi Aziz Abduhakimov shunday deydi:
“Hozirda O‘zbekistonda havoning changlanishi, iqlim o‘zgarishi bilan sodir bo‘layotgan jarayonlar faqat bizgagina xos unikal jarayon emas. Tez iqtisodiy o‘sish sur’atini boshidan o‘tkazgan barcha davlatlarda bunday jarayonlar, ya’ni ekologiya va iqtisodiy manfaatlar to‘qnashuvi kuzatilgan. Avvaliga iqtisodiy blokka yon bosildi. Hozir iqtisodiy blok ancha kuchli, qarorlar o‘tib ketishi oson. Shuning uchun Prezidentimiz ekologiya qismiga e’tibor qaratib, tarozining ikkinchi palasini ham tenglashtirib berdilar”.
Live
Barchasi