Qurilishga ruxsat olish xarajati 2 barobargacha kamaytiriladi
Jamiyat
−
05 iyun 3000 2 daqiqa
Endi qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlari 2 barobargacha qisqartiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 iyunda imzolagan “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan respublikaning barcha hududlarida mazkur farmonda nazarda tutilgan davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, 2026 yil 1 iyuldan ob’ektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “1 ta ariza – 1 to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, quvvati va maqsadi o‘zgarmagan holda shaharsozlik normalariga zid bo‘lmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda, ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi. Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun esa qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.
Bu qoida quruvchilar va tadbirkorlar uchun ish yuritishni osonlashtirish va ortiqcha qog‘ozbozlik (byurokratiya)ni yo‘qotishga qaratilgan juda muhim yengillikdir. Ilgari bino qurilishi yoki rekonstruksiyasi loyihasiga kichik bir o‘zgartirish (masalan, xonalarning joylashuvini o‘zgartirish) kiritilsa ham, hujjatlarni qaytadan mahalliy (hududiy) kengashlar va tashkilotlar bilan kelishish talab etilar edi. Bu esa juda ko‘p vaqt va ortiqcha ovoragarchilikka sabab bo‘lgan.
Yana farmonda qayd etilishicha, 2026 yil 1 sentyabrdan qurilish ob’ektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish hamda qurilishi yangidan boshlanadigan quyidagi ob’ektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish choralari ko‘riladi:
- tadbirkorlar tomonidan quriladigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat ob’ektlarida;
- byudjet hisobidan quriladigan qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan ob’ektlarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasida byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilgan edi.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun