Biznes muhitiga toza havo kirib keldi – Shuhrat Ilhomov
Biznes
−
18:10 1242 6 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning muammolariga quloq tutishi, masalalarini yechishi, biznes muhitini yanada rivojlantirish, byurokratiyani ozaytirish, soliq yukini qisqartirish, ortiqcha qog‘ozbozlik va tekshiruvlar, jarimalardan ozod qilish borasida takliflarini eshitishi an’anaga aylangan.
Kutilayotgan navbatdagi uchrashuv oldidan QALAMPIR.UZ bunday muloqotlarda doimiy ravishda ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirib kelayotgan tadbirkorlarga mikrofon tutmoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz, 26 yildan buyon O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan “Navruz International Corp.” ta’sischisi Shuhrat Ilhomov.
.png)
Xoldingga 2000 yilda aka-uka Shuhrat va Shavkat Ilhomovlar tomonidan asos solingan bo‘lib, u O‘zbekistonning yetakchi ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri. Kompaniya yiliga 600 mln litrdan ziyod tayyor mahsulot va distributsiya tarmog‘i orqali mamlakat bozorida keng turdagi ichimliklarni taqdim etish quvvatiga ega.
10 yilda muhit o‘zgardi, toza havo kirdi
2017 yildan boshlangan yangi islohot davri O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini tubdan o‘zgartirdi. Xoldingimiz faoliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatgan eng muhim islohotlarni men quyidagilarda ko‘raman:
Valyutani konvertatsiya qilish erkin bozor kursi asosida ochilishi – bu orqali xorijiy ta’minotchilar bilan hisob-kitob muammosi tugadi, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatimiz kengaydi. Bilasiz, bu ko‘p yillar davomida tadbirkorlarni qiynab kelgan masala edi.
Soliq tizimining isloh qilinishi, soliq ma’muriyatchiligining raqamlashtirilishi va tekshiruvlar tizimining takomillashtirilishi biznes uchun ancha shaffof va prognoz qilinadigan muhitni shakllantirdi. Tadbirkorlar tekshiruvlardan qo‘rqmayapti, aksincha, halol va shaffof ishlash uchun o‘zida ham o‘zgarishlar qilyapti, rivojlanyapti.
Tadbirkorlar bilan muntazamlik kasb etgan ochiq muloqotlarda biznes vakillari o‘z muammolarini bevosita yetkazish va ularning yechimini topish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu platforma an’anaviy tus olgani, Prezidentimizning o‘zi har yili muammolarga quloq tutayotgani, yangi yechimlar topilayotgani, biznes muhitiga toza havo kirib kelganini anglatadi.
Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi esa litsenziya, ruxsatnoma va ko‘plab xizmatlarni onlayn olish imkoniyatini paydo qilib, tadbirkorlarning vaqt va xarajatlarini qisqartirdi. Avvalgidek, oddiy hujjatlar taqdirini shaxslar emas, kompyuter hal qilyapti.
.png)
Bitta muzlatgich uchun 3 oy sarson bo‘lardik
Qator uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolar vaqti-soati bilan o‘z yechimini topib kelayotganini o‘z Xoldingimiz misolida ham guvohi bo‘lyapmiz. Aytishga arzigulik misollar ko‘p, ulardan Xoldingimiz faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan ba’zi yechimlarni sanash o‘rinli, deb bilaman.
Mahsulotlarni setifikatlash masalasidagi murojaat tizimli hal qilindi. Oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlarning majburiyligi bekor qilindi. Ularning o‘rniga oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosiy talab sifatida qo‘llanadigan bo‘ldi. Avval ikkita organ bilan ishlangan bo‘lsa, hozir SESning o‘zidan olinyapti. Natijada vaqt va resurs qisqardi.
Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchilari tomonidan savdo nuqtalarida mahsulotlarni saqlash va namoyish qilish uchun import qilinadigan vitrina muzlatgichlarini sertifikatlash jarayonini soddalashtirish masalasi ko‘tarilgan edi. Avval ushbu jarayonni amalga oshirish uchun taxminan 3 oy vaqt talab etilar, bu esa import qilingan jihozlarning uzoq vaqt turib qolishiga va qo‘shimcha xarajatlarga olib kelar edi. Ko‘z oldingizga keltiryapsizmi, bitta muzlatgich uchun 3 oy sarson bo‘linardi. Murojaatimiz natijasida sertifikatlash jarayoni soddalashtirilib, hozirda ushbu jarayon 10 kun atrofida amalga oshirilmoqda. Natijada jarayonning davomiyligi qariyb 9 baravarga qisqardi.
Suv ta’minoti va oqova suv bo‘yicha murojaatimiz ham e’tiborsiz qoldirilmadi. Korxonamiz tomonidan suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha bir necha bor ko‘tarilgan masala ijobiy hal etildi. Masalan, korxonaga yetkazib berilgan ichimlik suvining hajmi suv hisoblagich orqali aniqlanar edi. Biroq oqova suv xizmati uchun ham xuddi shu hajmda to‘lov undirilardi. Ushbu masalani olib chiqqanimizdan keyin, oqova suv uchun haq to‘lash tartibi qayta ko‘rib chiqilib, masala ijobiy hal etildi.
.png)
Servis va umumiy ovqatlanish sohasida soliq yukini kamaytirish ham tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muhim masalalardan biri edi. Ushbu taklifning amaliy yechim topganidan so‘ng, kompaniyalarimiz tarkibidagi 3 ta korxonani 6 foizlik soddalashtirilgan QQS tartibiga o‘tkazdik. Buning natijasida ushbu 3 ta korxona bo‘yicha yillik soliq yuki qariyb 3 mlrd so‘mga kamayishi kutilmoqda. Biz buni qabul qilingan qarorning biznes uchun aniq va o‘lchanadigan samarasi sifatida baholaymiz. Soliq yukining kamayishi korxonalarning aylanma mablag‘larini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va biznesni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha resurs yaratadi. Va albatta, buning ijobiy natijalarini jamoamiz, xodimlarimiz ham o‘z hayotlari, ro‘zg‘orlarida sezishadi.
Hali yechimini kutayotgan masalalar mavjud
Bugun tadbirkorlikni boshlash avvalgi yillarga nisbatan ancha osonlashdi. Biroq, yirik ishlab chiqarishni rivojlantirish va xalqaro raqobatda ishtirok etish uchun hali yechimini kutayotgan masalalar mavjud. Ochig‘i, davlatimiz rahbari har yilgi uchrashuvlarda bizdan jo‘yali va faqat shaxsiy bo‘lmagan, ko‘pchilikka daxldor muammolar bo‘yicha takliflarimizni kutadilar. Biz tadbirkorlar beradigan takliflarimiz ustida bosh qotiramiz. Uzoq yillik faoliyatimiz va imkoniyatlardan kelib chiqib, hozir quyidagi takliflar ustida ishlayotganimizni aytishim mumkin:
- Birinchidan, sanoat korxonalari uchun uzoq muddatli va nisbatan arzon moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori;
- Ikkinchidan, malakali muhandislar, texnologlar, avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasi dolzarbligicha qolmoqda;
- Uchinchidan, ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan ayrim xomashyo va butlovchi qismlarni import qilishda logistika xarajatlari hamda tashqi bozorlardagi beqarorlik biznes xarajatlariga ta’sir ko‘rsatmoqda;
- To‘rtinchidan, mahalliy korxonalarning innovatsiya, mahsulot ishlab chiqish va xalqaro brendlar bilan raqobat qilish salohiyatini yanada oshirish muhim hisoblanadi.
Shu bilan birga, xususiy sektordagi korxonalar ham raqobatbardoshlikni oshirish uchun korporativ boshqaruv, raqamlashtirish, samaradorlik va eksportga yo‘naltirilgan ish uslubini yanada kuchaytirishi lozim.
Bir yoqadan bosh chiqarish kerak
Hali oldimizda turgan rejalar ko‘p. Davlatimiz katta rivojlanish bosqichini boshdan kechiryapti. Va har qanday islohotlar zamirida iqtisodni yuksaltirish, biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va liberallashtirish g‘oyasi yotganini ko‘ryapmiz. Tadbirkorlar ham bunga javoban o‘zini rivojlantirish ustida tinimsiz ishlayapti, deb ishonch bilan ayta olaman. Ana shu izlanishlarimiz, o‘rganishlarimiz natijasida hozir birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib, keyingi bosqichda e’tiborni quyidagi masalalarga qaratish maqsadga muvofiq, deb bilaman:
Soliq va bojxona qonunchiligidagi o‘zgarishlarning barqarorligini ta’minlash, biznesga uzoq muddatli rejalashtirish imkonini berish;
- Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga chiqishini yanada qo‘llab-quvvatlash, eksport logistikasi va savdo infratuzilmasini rivojlantirish;
- Oziq-ovqat sanoati uchun innovatsion texnologiyalar va energiya tejovchi uskunalarga investitsiyalarni rag‘batlantirish;
- Dual ta’lim va sanoat ehtiyojlariga mos kasb-hunar tayyorlash tizimini kengaytirish;
- Davlat organlari faoliyatida "regulyator ta’sirini baholash" amaliyotini yanada kuchaytirish, yangi talablar joriy etilishidan oldin ularning biznesga ta’sirini muhokama qilish.
Bu choralar xususiy sektor investitsiyalarini yanada faollashtirish va iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
.png)
Dunyodagi xatarlar bizni ham o‘ylantiradi
Xalqaro maydondagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. Energetika inqirozi, logistika zanjirlarining uzilishi, xavfsizlik masalalari va iqtisodiy beqarorlik biznesni qo‘rqitib qo‘yadi. Bu jarayonlar tadbirkordan puxta rejalar tuzish bilan birgalikda, vaziyatga oson va tez moslashishni ham talab etadi.
Oziq-ovqat va ichimliklar sanoatida yaqin yillarda bir vaqtning o‘zida katta imkoniyatlar ham, jiddiy chaqiriqlar ham mavjud.
Agar asosiy trendlar sifatida aholi daromadlarining o‘sishi hisobiga qo‘shilgan yuqori qiymatli mahsulotlarga talabning ortishi, sog‘lom ovqatlanish va tabiiy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqishning kuchayishi, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va avtomatlashtirishning ishlab chiqarishga keng joriy qilinishi, eksport bozorlarida Markaziy Osiyo mahsulotlariga qiziqishning o‘sishini keltirish mumkin.
Albatta, oldimizda turgan xavflar ham yo‘q emas. Global iqlim o‘zgarishi tufayli qishloq xo‘jaligi xomashyosi narxlarining keskin o‘zgarishi, energiya va logistika xarajatlarining o‘sishi, xalqaro bozorlarda raqobatning kuchayishi, ayrim import xomashyolariga yuqori darajada bog‘liqlik – bizni o‘ylantiradigan masalalar.
Bizningcha, ushbu chaqiriqlarga javob sifatida mahalliy xomashyo bazasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, energiya samaradorligini oshirish va eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish strategik ahamiyatga ega bo‘ladi.
Live
Barchasi