Qurilish va ishlab chiqarish: soliq qarzlarida kimlar yetakchi?

Jamiyat

image

2026 yil 1 may holatiga ko‘ra, qurilish va ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalarning jami soliq qarzdorligi salkam 4,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Buni Soliq qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan fiskal ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.

Qurilishda qarz uch trillionga yaqinlashdi

Soliq qarzi 100 million so‘mdan oshgan qurilish korxonalari soni 1 973 tani tashkil etgan. Ularning jami qarzi qariyb 3 trillion so‘m. Bu raqamlar katta ko‘rinishi mumkin, ammo undan ham ko‘proq e’tibor tortadigani – shu qarzning 35,5 foizi atigi 10 ta eng yirik bo‘lgan korxonalar zimmasiga to‘g‘ri kelganida. Ya’ni, salkam ikki mingga yaqin korxona orasida o‘ntasi umumiy yukning uchdan bir qismidan ko‘pini ko‘tarib turibdi.

Ro‘yxat boshidan Andijon viloyatida ro‘yxatga olingan “New Building Trade Servis” MCHJ o‘rin olgan – korxonaning jami qarzi 364,8 milliard so‘m. Keyingi o‘rinda Toshkent shaxrida ro‘yxatga olingan “Tash Building” MCHJ 174,2 milliard so‘m soliq qarzdorligi bilan turibdi. E’tibor berilsa, top-10 likning aksariyati Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan qurilish korxonalari.

Hududlar bo‘yicha ham tasvir aniq: Toshkent shahri 958 milliard so‘m bilan yakka o‘zi birinchi o‘rinda. Andijon – 666 milliard, Toshkent viloyati esa 225 milliard bilan uchinchi. Qolgan hududlar bu uchlik oldida ancha orqada qoladi.

Ishlab chiqarishda qarz kamroq, ammo konsentratsiya yuqori

Ishlab chiqarish sohasida vaziyat biroz boshqacha. Qarzdor korxonalar soni va qarz hajmi qurilishga qaraganda ikki baravar kam. Bunda 955 ta ishlab chiqarish korxonasi jami 1 487,8 trillion so‘m soliqlarni to‘lab qo‘yishi kerak. Biroq bu tarafda ham top-10 ta eng katta soliqni kechiktirayotgan ishlab chiqaruvchilarning ulushi 37,8 foiz, ya’ni qurilishdagidan ham balandroq. Demak, ishlab chiqarishda qarz yanada tor doirada taqsimlanganini ko‘rish mumkin.

Bu katta nishaning yetakchisi Farg‘ona viloyatidagi “Shaffof Metan Sanoat” MCHJ – 187,1 milliard so‘m. Hududlar kesimida esa bu safar Farg‘ona viloyati – 94 ta korxona 328,3 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi bilan yuqorida bo‘lgan. Toshkent viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan 140 ta korxona 295 milliard, Andijondagi 101 ta ishlab chiqaruvchi esa salkam 200 milliard so‘mlik soliqni o‘z vaqtida davlat byudjetiga yo‘naltirmagan.

Yangi qonun kim uchun qulay?

Prezidentning “To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan soliqlarni kechiktirib yoki bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladigan bo‘lyapti. Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq kabi majburiyatlarni belgilangan tartibda kechiktirishi yoki bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ariza ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi va hududiy soliq organlariga qaror qabul qilish vakolati beriladi. Ya’ni, Toshkentga bormay turib, muammoni viloyat darajasida hal qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Nazariy jihatdan bu kichik va o‘rta biznes uchun juda qo‘l keladigan vosita. Mavsumiy tushkunlik, naqd pul tanqisligi yoki to‘satdan yuzaga kelgan xarajatlar – bu holatlar ayniqsa qurilish va ishlab chiqarishda tez-tez uchraydi. Soliqni o‘z vaqtida to‘lay olmagan kichik korxona avval jarima, keyin hisob raqamini bloklash xavfiga duch kelardi. Yangi tartib shu zanjirni uzishga yordam beradi.

Biroq asosiy savol shundaki, bu imkoniyat eng avvalo kimning qo‘lida “yashnaydi”?

Qarzdorlar ro‘yxatiga qaralsa, jami qarzning 35-38 foizi atigi o‘nta yirik korxona zimmasida. Bu korxonalar allaqachon huquqiy xizmatlarga, moliyaviy menejerlarga va garov qo‘ya oladigan mulkka ega. Yangi mexanizmdan ular birinchilar qatorida foydalanishi, turgan gap. Bu esa aslida to‘plangan qarzni yanada uzoqroq muddatga cho‘zish imkonini beradi. Kichik tadbirkorlik sub’etining esa garovga qo‘yadigan mol-mulki yo‘q bo‘lishi mumkin, bank kafolati olish uchun ham yana alohida xarajat kerak.

Umuman olganda, yo‘nalish to‘g‘ri. Inqiroz yoqasidagi korxonani darrov tugatish o‘rniga sog‘lomlashtirishga urinish – bu istiqbolli yondashuv. Biroq statistika bir narsani yaqqol ko‘rsatyapti – qarz kichiklarda emas, yiriklarda to‘plangan. Shuning uchun yangi qonun asosiy samarasini beradigan bo‘lsa, u tizimli nazorat bilan bo‘lishi lozim. Aks holda u trillionlik qarzni ertaga ham, indinga ham kechiktirishning qonuniy yo‘liga aylanib qolishi mumkin.

Xulosa o‘rnida

Ikkala soha qiyoslansa, umumiy qarz salkam 4,5 trillion so‘m soliq tushumi o‘z vaqtida mamlakat byudjetiga tushmay, to‘planib qolganini ko‘rish mumkin. Eng muhimi – qarzning katta qismi bir necha yirik korxona zimmasiga to‘g‘ri kelgan. Umuman olganda, yirik loyihalar, davlat buyurtmalari va ulkan aylanmalar ko‘pincha ana shu katta o‘yinchilar qo‘lidaligini payqash mumkin. Ular byudjet bilan hisob-kitobni keyinga surish imkoniga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Qurilish ishlab chiqarish soliq qarzlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing