O‘zbekistonga koronavirusga qarshi 660 ming doza vaksina olib kelindi
Jamiyat
−
17 mart 2021
6761Bugun, 17 mart kuni tunda O‘zbekistonga 660 ming doza COVID-19 ga qarshi AstraZeneca vaksinasi olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ushbu vaksinalarni yetkazib berish Epidemiyalarga tayyorgarlikni ta’minlash maqsadida innovatsiyalar uchun koalitsiya (CEPI), Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (GAVI), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)dan iborat bo‘lgan COVAX global hamkorligi doirasida amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston GAVI tashkilotining COVAX dasturiga a’zo davlatlar qatoriga kiradi. Shu bois, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yil yanvar oyida koronavirusga qarshi emlash uchun vaksina yetkazib berish yuzasidan GAVI tashkilotiga buyurtma berilgan edi”, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov.
Qayd etilishicha, ushbu hamkorlik doirasida yilning oxiriga qadar mamlakatga umumiy mikdorda 20 foiz aholini emlash uchun yetarli darajada vaksina, shprits va xavfsiz utilizatsiya qutilari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. COVAX fondi hisobidan O‘zbekistonga 2 million dozadan ortiq AstraZeneca vaksinasini yetkazish, shundan 2021 yil I chorakda 35-40 foizini, qolgan qismini II chorakdan dunyo bo‘ylab vaksinalarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bugun olib kelingan 660 ming doza vaksinalar COVAX O‘zbekiston uchun ajratgan 2 million doza vaksinalarning birinchi qismidir. Vaksinalarning qolgan qismi yaqin oylarda yetkazib beriladi.
Ushbu vaksinalar bilan respublikada aholini koronovirusga qarshi emlash ishlari boshlanadi va bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash ishlari Navro‘z bayrami arafasida boshlanishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi