O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklar uchun maxsus jamg‘arma tuziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarning masalalarini hal etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining shu to‘g‘risidagi taklifi kecha, 14 avgust kuni qabul qilingan Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan ma’qullandi.

Farmonga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamg‘armani tashkil etiladi. Maxsus jamg‘arma quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

  • yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro tashkilotlarning grantlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar; 
  • maxsus jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozitga qo‘yishdan olingan foiz tarzidagi daromad.

Maxsus jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarning quyidagi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi:

  • zarur shart-sharoitlar yaratish va tegishli xizmatlarni tashkil etish;
  • turli xarajatlarni qoplash va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;
  • moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish.

O‘rnatiladigan tartibga muvofiq, maxsus jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etish hamda xarajatlar yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish Respublika komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi. Mehmonlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan beg‘araz beriladigan mol-mulklar (uy-joy va avtomototransport) mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazilib, Respublika komissiyasi tomonidan tasarruf etiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng QALAMPIR.UZ buning uchun mamlakat tibbiyot tizimi qay darajada tayyor ekaniga qiziqdi va Sog‘liqni saqlash vazirining bolalar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘langandi. U falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli ekanini aytgandi.

2024 yil 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston falastinliklar maxsus jamg'arma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing