O‘zbekistonda sudlar mustaqilmi? Ular uchinchi hokimiyat ekanini sezyaptimi?
Intervyu
−
21 Oktabr 2020
8044Joriy yilning, 6 oktyabr kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasidan ozod qilinib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘ida saqlash chorasiga o‘zgartirilgani haqida xabar bergan edik.
Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasining uy qamog‘iga o‘zgartirilishini OAV va jamoatchilik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning ushbu holatga bildirgan munosabati bilan bog‘ladi. Mirziyoyevaning munosabatidan keyin prokuratura sudga ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha hujjat kiritdi va shu kunning o‘zida sud iltimosni qanoatlantirdi.
Xo‘sh, mamlakatda qonun ishlashi, gender tengligi ta’minlanishi, adolat qaror topishi uchun tashqi munosabat va mansabdorlarning turtkisi kerakmi?
Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi, yuridik fanlar nomzodi Sayyora Xo‘jayevaga ko‘ra, O‘zbekistonda sudlar tom ma’noda mustaqil emas.
“Munosabatlar ortidan ishlaydigan qonunchilik. Bu vaziyatda demokratik jamiyatda aslida ishlashi kerak bo‘lgan qonun, faqat kimdir turtki bersa ishlaydigandek ko‘rinib qoladi”, deya Xo‘jayevaga yuzlanadi jurnalist Qamariddin Shayxov.
Sayyora Xo‘jayeva: — Bu o‘zbekchilik, bu stereotip. Birorta rahbar turtkilashi emas, qonun o‘zi ishlashi kerak. Oxirgi 4 yil ichida rahbarimizning siyosiy irodasi sabab ko‘p narsalar o‘zgaryapti. Ammo, qachongacha ayrimlar yuqoridan tashabbus, topshiriq kutib yashashadi? Qachon o‘zlari tashabbus bilan chiqib, yangicha ishlashadi? Mana, muammo kayerda.
Q.Sh.: — Demak sudlar hali ham sust ishlayapti, yoki...
S.X.: — Sudlarni bugun tom ma’noda mustaqil, deb aytolmaymiz. Yillab yig‘ilib kelgan, qotib qolgan tizim ta’siri bor. Sud idoralari ularga berilgan vakolatlar keng bo‘lishiga qaramay, o‘zini hamon uchinchi hokimiyat ekanini sezmayapti. Mustaqillikning boshidanoq, sud-huquq islohotlari jadal olib borildi. Qonunlarimiz liberallashdi, sudyalarning mavqeini oshirish yo‘lida bir qancha Prezident farmonlari qabul qilindi. Ularga katta imkoniyatlar va imtiyozlar berildi, maoshlari ko‘tarildi. Sudyalar ham davlat tomonidan berilgan e’tiborni oqlashlari zarur edi, chunki ularni qo‘lida ham juda katta kuch bor. Qolaversa, tom ma’noda uchinchi hokimiyat bo‘lishiga davlat tomonidan misli qo‘rinmagan ishlar qilindi. Endi, ulardan biz jamiyat halol mehnatni va adolatli hukm va qarorlarni kutib qolamiz.
Suhbatni to‘liq ushbu manzilda o‘qishingiz mumkin.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.