Suriya Asad rejimi targ‘ibotchilarini sud qilishga va’da berdi

Olam

image

Suriya Axborot vazirligi Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgan davrida “harbiy va tashviqot mashinasining bir qismi” bo‘lgan harbiy jurnalistlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlikning kecha, 13 dekabr kuni e’lon qilingan bayonotida keltirilgan.

Bayonotga ko‘ra, “jinoyatlar va qirg‘inlar targ‘ibotiga bevosita yoki bilvosita hissa qo‘shgan” harbiy ommaviy axborot vositalari xodimlari “o‘tish davri adolatining bir qismi” sifatida adolatli sudlanadi.

Vazirlik bunday jarayondan ko‘zlangan maqsadni “adolatga erishish” va Suriya xalqiga qarshi jinoyatlarda ishtirok etgan barchani javobgarlikka tortish deb atagan.

Suriyani “temir musht” bilan boshqargan sobiq yetakchi Bashar Asad “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhining yurishlaridan keyin mamlakatdan chiqib ketdi. Uning ketishi va Asad rejimining qulashi mintaqada, shu bilan birga, xalqaro miqyosda ham “bayram” sifatida kutib olindi. Bashar Asad 2000 yilda ya’ni, otasi Hofiz Asad vafotidan so‘ng hech qanday saylovlarsiz, merosxo‘r sifatida hokimiyatga kelib qolgan. 2000 yil iyun oyida otasi vafot etganidan so‘ng, Bashar Asad uning amaldagi merosxo‘ri bo‘ldi va 2000 yil 17 iyulda mamlakat prezidentiga aylandi. O‘shanda Suriya parlamenti konstitutsiyani o‘zgartirib, prezidentlik yoshi talabini 40 yoshdan 34 yoshgacha pasaytirdi. Bu esa Basharning hokimiyatga kelishi uchun qilingan reja edi.

54 yillik hokimiyatdan so‘ng Suriyada Asad oilasining hukmronligi nihoyasiga yetdi. 8 dekabr kuni Bashar Asad mamlakatni tark etib, Rossiyadan boshpana so‘radi. Yaqin Sharqning zamonaviy tarixidagi eng shafqatsiz rejimlardan birining qulashi Suriya armiyasi va muxolif kuchlar koalitsiyasi o‘rtasida bor-yo‘g‘i 12 kun davom etgan janglardan so‘ng yuz berdi va Suriyada 13 yillik fuqarolar urushiga nuqta qo‘yildi. U o‘z hukmronligi davrida 350 mingdan ortiq suriyalikning hayotiga zomin bo‘ldi va kamida 13 million kishi uyini tark etdi. Asad rejimi qulagan kuni Damashqda kuchli otishma ovozi eshitildi. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Suriya Bashar Asad Asad rejimi harbiy jurnalistlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing