Asadning Moskvadagi ittifoqchilari Suriyada qurolli qo‘zg‘olon tayyorlamoqda

Olam

image
Asad davrida mahbuslarni qatl ettirishda ayblangan general ushlandi north_east

Asad davrida mahbuslarni qatl ettirishda ayblangan general ushlandi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyaning yangi prezidentiga o‘z mamlakati bilan hamkorlikni davom ettirishga va’da berdi, biroq safdoshlari bilan Moskvaga qochgan Bashar Asadni ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Asadning Moskvadagi ittifoqchilaridan ba’zilari mustabid tuzumni ag‘darganlardan o‘ch olishni orzu qilib, yangi hukumatga qarshi qurolli qo‘zg‘olonlar tayyorlamoqda.

“Reuters”ga ko‘ra, sobiq razvedka boshlig‘i Kamol Hasan va Asadning milliarder amakivachchasi Rami Maxluf hozirda o‘n minglab jangarilardan iborat guruhlar tuzish va Suriyaning qirg‘oqbo‘yi hududlarida qo‘zg‘olon uyushtirish uchun millionlab dollar sarflamoqda. Ular, shuningdek, diktaturaning so‘nggi kunlarida qurilgan 14 ta yerosti qurol-yarog‘ omborlari tarmog‘ini nazorat qilish uchun kurashmoqda.

Uning oilasiga yaqin to‘rtta manbaga ko‘ra, Asadning o‘zi qochganidan keyin jamoat hayotidan ancha uzoqlashgan. Biroq uning yaqin atrofidagi boshqa yuqori martabali shaxslar, hozirda Rossiyada, shu jumladan ukasi Maher ham hokimiyat qo‘ldan boy berilganini qabul qilolmayapti. Lekin ular bir-biri bilan raqobatlashib, alohida faoliyat yuritadi. Hasan va Maxluf hokimiyat uchun kurashayotgan boshqa guruhlar bilan birga Suriya va Livanda taxminan 50 ming jangchidan iborat bo‘linmalar tuzish umidida mablag‘ ajratmoqda. Bu jangchilar Suriyada ozchilikni tashkil etuvchi, lekin Asad davrida rahbarlik lavozimlarini egallagan diniy islomiy sekta alaviylardir.

“Reuters” manbalariga ko‘ra, Moskvadagi Maher sobiq Asad askarlarining yordamiga umid qilmoqda, ammo hozircha hech qanday faol choralar ko‘rmagan yoki qo‘zg‘olon uchun mablag‘ ajratmagan. Tekshiruv davomida agentlik muxbirlari Asad ittifoqchilarining rejalari haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lgan 50 ga yaqin odam bilan suhbatlashgan, moliyaviy va operatsion hujjatlarni ko‘zdan kechirgan, matn va ovozli xabarlarni tahlil qilgan.

Yordamchilari Rossiya, Livan va BAAda faoliyat yuritayotgan potensial isyon tashkilotchilari potensial tarafdorlari e’tiborini tortish uchun bir-biri bilan raqobatlashmoqda va Asadni hokimiyatga qaytarish niyatida emas. Masalan, Hasan qo‘mondonlar va maslahatchilar bilan doimiy ravishda qo‘ng‘iroqlar va xabarlar almashib, o‘z ta’sirini yo‘qotganidan shikoyat qilib, Suriyaning ko‘pchilik alaviylar istiqomat qiladigan qirg‘oqbo‘yi qismini qanday boshqarishi bo‘yicha ulkan rejalar tuzadi.

Suriya sobiq yetakchisi diktaturasini o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida o‘rgangan tadqiqotchi Ansor Shohxud Asad rejimi davrida bo‘lgani kabi hokimiyat uchun kurash ham davom etayotganini aytgan.

“Ammo Asadni mamnun qilish o‘rniga, asosiy e’tibor uning vorisini topish va alaviylar jamoasini nazorat qilishga qaratilgan”, deydi Ansor Shohxud.

Suriya hukumati fitnachilarga qarshi turish uchun Asadning ham, yangi prezident Ahmad ash-Sharaning ham yaqin hamkori Xolid al-Ahmadni jo‘natdi. U Asadning harbiylashtirilgan kuchlari rahbari bo‘lgan, biroq bolalikdagi do‘sti ash-Sharaga o‘tgan. Al-Ahmadning vazifasi sobiq askarlar va alaviy tinch aholini ularning kelajagi yangi Suriyada ekaniga ishontirishdir.

Ash-Shara joriy yil oktyabr oyining o‘rtalarida Moskvaga bordi. Putin, boshqa narsalar qatorida, u bilan Latakiya va Tartusdagi Rossiya harbiy bazalarini saqlab qolish haqida muzokaralar olib bordi. Bu bazalar Suriyaning g‘arbiy qismidagi O‘rta Yer dengizi sohilida, Tartus Livan chegarasiga nisbatan yaqin joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya sudi sobiq prezident Bashar Asadni 2011 yilda Daraa viloyatida namoyishlarni bostirish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sirtdan hibsga olishga order bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Bashar Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing