Asad davrida mahbuslarni qatl ettirishda ayblangan general ushlandi
Olam
−
23 Oktabr 2025 5831 2 daqiqa
Suriya rasmiylari sobiq prezident Bashar Asad hukmronligi davrida mashhur Sednaya qamoqxonasida mahbuslarni qatl qilishda ayblangan sobiq harbiy amaldorni hibsga oldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Uning ismi general-mayor Akram Sallum al-Abdulloh bo‘lib, ichki ishlar vazirligi Damashq viloyati aksilterror bo‘limi rahbari edi. Qayd etilishicha, u bir qancha lavozimlarni egallagan, ayniqsa, sobiq tuzum davrida, 2014-2015 yillarda mudofaa vazirligida harbiy politsiya qo‘mondoni bo‘lgan.
Vazirlik Abdullohning “Sednaya qamoqxonasidagi mahbuslarga nisbatan jiddiy qonunbuzarliklar sodir etishga aloqadorligi”ni ta’kidlab, uni harbiy politsiya qo‘mondoni bo‘lgan davrida Sednaya harbiy qamoqxonasida mahbuslarni qatl qilish uchun bevosita javobgar bo‘lganlikda aybladi.
Damashq tashqarisida joylashgan ushbu qamoqxona 50 yildan ortiqroq vaqtdan keyin, Bashar Asad 2024 yilning dekabr oyida hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng tugatilgan Asadlar oilaviy boshqaruvining eng dahshatli ramzlaridan biri edi.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti ushbu muassasani “Odam so‘yish joyi” deb atadi. Amnistiya tashkilotining 2017 yilgi hisobotida aytilishicha, mamlakatda urush boshlangan 2011 yildan buyon qamoqxonada “qotillik, qiynoqlar, majburan yo‘q qilish va qirg‘in” keng avj olgan. Huquq tashkiloti bu amaliyotlar insoniyatga qarshi jinoyatlar ekanini ta’kidlagan. Asad hukumati o‘sha paytda Amnistiyaning da’volarini “asossiz” va “haqiqatdan mahrum” deya rad etib, Suriyadagi barcha qatllarning qonuniy tartibda amalga oshirilishini ta’kidlagandi.
“Human Rights Watch”ning 2014 yilgi hisoboti qamoqxonadagi sobiq mahbuslarning muassasadagi ommaviy o‘limlar haqidagi ma’lumotlarini tasdiqlagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2011-2018 yillar orasida 30 mingdan ortiq mahbus qiynoqlar, tibbiy yordam yo‘qligi yoki ochlik oqibatida qatl etilgan yoki halok bo‘lgan. Ozodlikka chiqarilgan bir necha mahbuslarning hisob-kitoblariga asoslanib yozilishicha, 2018 yildan 2021 yilgacha kamida yana 500 mahbus qatl etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyadagi urushning dastlabki 5 yilida, Bashar Asad qamoqxonalarda maxfiylik rejimida 5000 dan 13 minggacha mahbusni qatl etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning hukmronlik yillaridagi qatllar, qiynoqlar va shafqatsizliklar oqibatida Damashq tashqarisidagi Al Mazzeh harbiy aerodromida bo‘lgan hibsdagi mingdan ortiq Suriya fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi