O‘zbekistonda rus madaniyati va ta’limini ommalashtiradigan birinchi markaz ochildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning eng janubiy Surxondaryo viloyati ma’muriy markazi Termiz shahrida rus tilini o‘rganish markazi ish boshladi. Bu respublikadagi birinchi shunday markazdir, deb xabar berdi “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati. 

“Termiz shahrida O‘zbekistonda birinchi rus tilini o‘rganish resurs markazi ochildi”, deyiladi xabarda.

 Qayd etilishicha, markaz Termiz davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. 

Avvalroq vakolatxona respublikada rus tilini o‘rganish bo‘yicha ikkita markaz ochish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi. 

Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, resurs markazlarini yaratish va rivojlantirish yosh o‘zbekistonlik fuqarolarning rus tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, O‘zbekistonda rus madaniyati va ta’limini ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga qaratilgan. 

Ikkinchi shunday markaz ertaga, 7 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston (O‘zbekiston tarkibidagi respublika) poytaxti Nukus shahrida ochilishi kutilmoqda. 

Ayni paytda O‘zbekistonda ta’lim muassasalarida rus tilini o‘rganishni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti tomonidan respublika maktablarida 2-11 milliy sinflar uchun rus tili darsliklari tayyorlandi, Rossiya Federatsiyasi Ta’lim vazirligi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bilan respublikada rus tilini bilish darajasini oshirish bo‘yicha “Klass” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva 17 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo assambleyaning 56-yig‘ilishida so‘zga chiqib, O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar rahbarlarining qarori bilan oktyabr oyida tashkil etilgan xalqaro rus tili tashkiloti loyihalarida faol ishtirok etish niyatida ekanini aytgan edi. 

Senat Raisining so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda rus tili majburiy o‘quv dasturiga kiritilgan 10 mingdan ortiq umumiy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ushbu maktablarning 10 foizida ta’lim rus tilida olib boriladi. 

Mamlakatda Rossiyaning yetakchi universitetlarining 14 ta filiali ochildi, ular mamlakat iqtisodiyotida talab qilinadigan mutaxassislarni tayyorlaydi. Bundan tashqari, Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik 50 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. 

Narboyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. “Klass” va “Malish” loyihalari doirasida O‘zbekistonda rus tilini o‘qitishni takomillashtirish metodikasini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatilmoqda. Senat Raisi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonda rus tilida o‘qitiladigan va rus ta’lim dasturlari asosida bir nechta maktablar qurishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirgan. Uning fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi. Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi. Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan,  “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi

Ma’lumot uchun, joriy yilning 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.

 


 


Maqola muallifi

Teglar

rus tili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing