O‘zbekistonda koronavirusni aniqlaydigan test ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
Jamiyat
−
09 aprel 2020
7976O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlari odamda COVID-19 koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beruvchi mahalliy test tizimini ishlab chiqishdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar qildi.
Ayni paytda klinik sinovlar davom etmoqda. Aprel oyi oxiriga qadar 50 mingta ana shunday test tizimini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
“Koronavirus diagnostika usullarini o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan diagnostika gidlari yaratildi va laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. O‘zbekistonda mavjud qator dori-darmonlarning viruslarga qarshi ta’siri xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda o‘rganilmoqda va ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish tashkil etilmoqda”, dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.
Avvalroq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ham koronavirusni aniqlovchi milliy testlar ustida ish olib borilayotgani haqida ma’lumot bergandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 555 nafarga yetdi. Bugungacha ularning 30 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi