O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar 1300 nafardan oshib ketdi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida va Xorazm viloyatida jami 30 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Ular orasida 2 nafar homilador ayol bor. Bu haqda bugun, 3 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasidan 14 nafar, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 7 nafar hamda Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘ruq majmuasidan 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar, shuningdek Xorazm viloyatida ham 7 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Ular sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasidan sog‘ayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Toshkent viloyatidan, 1 nafardan Xorazm, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan. Ularning 8 nafari Istanbul – Toshkent yo‘nalishida, 2 nafari Moskva – Toshkent yo‘nalishida yurtimizga kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 4 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlarning 4 nafari erkak, 10 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 14 yoshda.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan tuzalganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 1 nafardan Toshkent hamda Jizzax viloyatlaridan. Ularning 6 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari esa Qozog‘iston Respublikasidan kelgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Bemorlarning 4 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 43 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 8 yoshda.

Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘ruq majmuasidan sog‘ayib chiqqan 2 homilador ayol Toshkent shahridan bo‘lib, 1 nafari 27 yoshda, yana 1 nafari 24 yoshda. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ayni paytda ularning homilasi rivojlanmoqda.

Shuningdek, Xorazmda sog‘ayganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Xorazmga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, 2 nafardan bemor Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridan, 1 nafardan esa Farg‘ona, Buxoro va Jizzax viloyatlaridan. Ularning barchasi erkak bo‘lib, eng yoshi kattasi 49 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 26 yosh.

Shunday qilib, bugun ayni paytga qadar 37 nafar bemor tuzalib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1308 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 2136 ta holat qayd etilgan. Bugungacha bemorlarning 10 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing