O‘zbekistonda karantinga olishning huquqiy asosi bormi?
Jamiyat
−
12 aprel 2020
5909Bugun, 12 aprel kuni Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Vazirlik mas’uli O‘zbekistonda karantinga olishning huquqiy asoslari haqida ma’lumot berib o‘tdi.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar ya’ni karantin joriy etish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan Koronavirus infeksiyasi aniqlanganda (gumon qilinganda) bajariladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Nizomda koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda davlat organlari va boshqa tashkilotlarining harakatlanish tartibi, koronavirusga gumon qilingan bemor uyda va tibbiyot muassasasida aniqlanganda harakatlanish tartibi hamda koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar uchun karantin belgilash tartiblari aniq belgilab berilgan.
Nizomga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan shaxslar provizor gospital (koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslarni saqlash va davolash uchun yuqumli kasalliklar shifoxonasi yoki boshqa tibbiyot muassasasi bazasida tashkil etilgan davolash muassasasi) yoki izolyatorga (yuqumli kasalliklar shifoxonasi yoki boshqa alohida ajratilgan binolarning maxsus jihozlangan xonasi) joylashtiriladi.
Koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar esa uy karantinida saqlanadilar”, dedi G‘aybullo Primov.
O‘zbekistonda joriy yilning mart oyi oxirida karantin davrida qoidalarni buzish va yolg‘on xabar tarqatish uchun jarimalar kuchaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, koronavirusga chalinganlar 833 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi