Rossiyada vabo xavfi: O‘zbekistonning qo‘shnisi ham chegarada nazoratni kuchaytirdi

Olam

−

image

Qirg‘iziston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarida profilaktika choralari va sanitariya-karantin nazoratini kuchaytirmoqda. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot markazi ma’lum qildi.

Mazkur chora-tadbirlar Rossiyada vabo kasalligi qayd etilgani haqida paydo bo‘lgan ma’lumotlar munosabati bilan qabul qilingani ko‘rsatib o‘tilgan. 

Barcha sanitariya-karantin punktlari kuchaytirilgan ish formatiga o‘tkazilgan. Chegarada mutaxassislar odamlar, transport va yuklarning harakatini nazorat qilmoqda. 

“Bu yuqumli kasalliklar, jumladan, o‘ta xavfli infeksiyalarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda”, deyiladi idora xabarida.

Vaziyat sanitariya-epidemiologiya xizmati nazoratiga olingan.

Ma’lumot uchun, vabo (cholera) – ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri. Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik Vabo vibrioni va El-Tor vibrioni deb ataladigan ikki turga ajratiladi. Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum-tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15-30 kun, sut va yog‘da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho‘l mevada bir necha kungacha tirik qolishi mumkin. Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi. Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug‘i, ba’zan peshobi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida mazkur kasallik yuqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi Shelexov shifoxonasida 27 yoshli bemor ayol vafot etgani xabar qilingan edi. Uning o‘limidan so‘ng shifoxona karantinga yopildi, ayol bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar esa izolyatsiya qilinib, tibbiy kuzatuvga olindi. O‘lim sababi hozircha mutaxassislar tomonidan aniqlanayotgan infeksiya bilan bog‘lanmoqda. Ushbu voqea fonida ijtimoiy tarmoqlarda vabo infeksiyasi yuqtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ushbu xabarlar fonida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistonda tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing