O‘zbekistonda Instagram va Telegram o‘chirilishi ortidan ishdan olingan vazir VMga qaytdi
Jamiyat
−
15 fevral 2023
8485Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Shuhrat Muhamadjonovich Sodiqov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbarining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shuhrat Sodiqov 1969 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1992 yilda Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan. 2004 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini, 2006 yilda esa magistraturani tamomlab, magistrlik darajasini olgan. 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan, iqtisod mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasini olgan.
Mehnat faoliyatini 1992 yilda Jizzax radiotelefon aloqa uzelining muhandis-iqtisodchisi sifatida boshlagan. 1993-1997 yillarda “Nur” kichik korxonasida kompyuter texnikasiga xizmat ko‘rsatish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik direktor lavozimida ishlagan. 1997 yildan 2002 yilgacha – inspektor, 1-toifali, 2-toifali muhandis, Davlat aloqa inspeksiyasi etakchi muhandisi va Toshkent shahar Davlat aloqa inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.
2004-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil boshqarmasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan. 2006 yildan buyon o‘rinbosar, 2008 yil 6 noyabrdan esa “O‘zbektelekom” AK bosh direktori lavozimida ishlagan.
2010 yil 25 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2017 yil 1 avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori bo‘lgan. 2018 yil 8 avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 4 noyabrdagi farmoni bilan mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi bilan bog‘liq mojarodan so‘ng vazir lavozimidan ozod etilgan edi.
Gap shundaki, 2021 yilning 3 noyabr kuni soat 19:30 lar atrofida O‘zbekistonda “Moy Mir”, “Odnoklassniki”, “Youtube”, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” va “Linkedn” kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatida uzilishlar kuzatila boshlandi. Keyinroq Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ushbu platformalarni Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritgani ma’lum bo‘ldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklov rasman bekor qilindi. Cheklovni o‘rnatgan tashkilot Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari G‘olibsher Meliboyevich Ziyayev Bosh vazir qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Barcha ish g‘ishtdan ko‘chib bo‘lgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy ma’lumot bilan chiqib, uzilishlarga "O‘ztelekom" AK uskunasidagi nosozlik sabab bo‘lganini aytdi. Oradan ko‘p o‘tmay bu bayonot o‘chirildi.