Telegram va Instagram bloklanishi ortidan ishdan ketgan vazir endi Aripovga yanada yaqin
Jamiyat
−
07 fevral
13307O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoniga asosan Shuhrat Muhamadjanovich Sodiqov Bosh vazir kotibiyati rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Sodiqov 1969 yilda tug‘ilgan. U Jizzax davlat pedagogika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
2010 yil 25 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 2017 yil 1 avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan. 2018 yil 8 avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri bo‘lgan.
O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 4 noyabrdagi farmoni bilan mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi bilan bog‘liq mojarodan so‘ng Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimidan ozod etilgan edi. 2023 yil 15 fevralda O‘zbekiston Bosh vaziri kotibiyati rahbari o‘rinbosari etib tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bosh vazir kotibiyati rahbari sifatida ishlab kelgan Abdurashid Jo‘raboyev O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining raisi etib tayinlangandi.