O‘zbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati mamlakatda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishini ma’qulladi. Bugun, 30 aprel kuni Senatning oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda aholi o‘rtasida, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan tamaki mahsulotlari tarqatilishining va iste’mol qilinishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda.

Shu munosabat bilan, tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, shu jumladan elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakat hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilgani bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekani qayd etildi.

Senatorlar tomonidan qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qonunchilikka elektron sigaretalar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan o‘zgartirishlarni ma’qullagandi. Qozog‘istonda elektron sigaretalarni olib kirish, ularni sotish va turli tamaki mahsulotlarni reklama qilishni taqiqlovchi qonun iyun oyida kuchga kirdi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa o‘tgan yil noyabr oyida tamaki mahsulotlari va nikotin moddalarining zararli ta’siridan aholining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Qonun 2025 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi.

Xuddi shunday qonun O‘zbekistonda joriy yil yanvar oyida Oliy Majlis muhokamasiga kiritilgan va 24 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi elektron sigaretalarni butunlay taqiqlashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston elektron sigareta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing