O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo keskin kuchaytiriladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish masalasi ko‘pdan buyon deputatlar tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Kecha, 27 sentyabr kuni “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining yig‘ilishida qonun loyihasini Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqida tegishli qaror qabul qilingan hamda palataning Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi ushbu qonun loyihasiga mas’ul etib belgilangan.

“Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi asosida kiritilgan mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini keskin kuchaytirishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi ertaga, 29 sentyabr kuni o‘tkaziladigan quyi palataning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Namangandagi bog‘chada fojia

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi.  Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing