O‘zbekistonda “blekaut” sabab iste’molchilarga qancha “tovon” to‘langani aytildi
Jamiyat
−
23 may 2022
5941Joriy yilning 25-27 yanvar kunlari Markaziy Osiyoda sodir bo‘lgan “Blekaut” jarayonidagi yagona elektr tarmog‘ida yuz bergan avariya natijasida kuzatilgan uzilishlar sabab iste’molchilarga 4,5 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqda bugun, 23 may kuni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Matbuot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayeva ma’lum qildi.
“Xabaringiz bor, joriy yilning 25-27 yanvar kunlari Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida avariya sodir bo‘lishi natijasida Respublikaning barcha hududlaridagi elektr-energiya ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lgan. Uning oqibatida tabiiy gaz ta’minotida vujudga kelgan uzilishlar sababli “Toshissiqsuvquvvati” davlat unitar korxonasi tomonidan iste’molchilarga tartibga muvofiq belgilangan issiqlik ta’minoti yetkazib berilmaganlik holati aniqlangan. Natijada, agentlik tomonidan “Toshissiqsuvquvvati” davlat unitar korxonasiga belgilangan topshiriqlar asosan abonentlarga 4 mlrd 500 million so‘m miqdordagi belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilishga erishilgan”, deydi agentlik axborot xizmati rahbari.
Ma’lumotga ko‘ra, xuddi shu kabi o‘rganishlar Respublikaning 9 ta hududida ham amalga oshirilib, uning natijasida 1 mlrd 222 mln so‘m miqdorda ortiqcha olingan mablag‘lar aniqlanib, bugungi kunda ushbu mablag‘larni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilishga erishilgan.
Qolaversa, karantin choralari joriy etilgani munosabati bilan gaz hisoblagichlarni davriy qiyoslovdan o‘tkazish kechiktirilishi va keyinchalik davlat dasturi doirasida ularning o‘rniga yangi aqlli hisoblagichlar o‘rnatilishi sababli, davriy qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha to‘langan 634 mln 700 ming so‘m yig‘imlarni 14 mingdan ortiq nafar iste’molchiga qaytarilishi bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzilgan edi. Buning ortidan suv ta’minoti ham to‘xtab qolgandi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzilgani malum bo‘ldi. O‘zbekistonda esa barcha aeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olma-ota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.
Keyinroq, “Energia” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining uch davlat energiya tizimlari operatorlari vakillari ham kirgan maxsus komissiyasi tekshiruvi natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energotizimida yuz bergan avariyaga O‘zbekiston energetika tizimidagi uzilish sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.