O‘zbekistonda 27 ta sayt bloklandi
Jamiyat
−
19 Sentabr 2023
29479O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov ma’lum qildi.
Qayumovga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan pul tikish va pul tikish xizmatlari reklamasi yuzasidan Ichki ishlar organlariga 11 ta xat yuborilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlar, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan reklamaning me’yoriy hujjatlarga muvofiqligi bo‘yicha jami 24 mingdan ortiq tadqiqot o‘tkazilgan.
Shundan 8 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlardagi 4,5 mingdan ortiq reklama o‘rganilgan. Shundan Facebook’da 144 ta, Instagram’da 344 ta, Telegram’da 4 108 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Oziq-ovqat qo‘shimchalari, malhamlar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh va mineral suvlar reklamasi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan 150 ta murojaat o‘rganilgan. Ulardan 103 ta holatda qonunbuzarliklar aniqlanib, bartaraf etilgan.
“OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan (tarqatilgan) reklamalarni qonunchilik hujjatlariga mosligi yuzasidan jami 24 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazildi. Aniqlangan noqonuniy reklamalarning 308 tasi televideniye, 247 tasi radio, 19 mingdan ortig‘i tashqi reklama vositalari, 236 tasi bosma nashrlar va 4,5 mingdan ortig‘i internet hamda ijtimoiy tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘rganish (monitoring)lar natijasida 8 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan”, deydi Asadulla Qayumov.
Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan mas’ul idoralar bilan birgalikda 9 mingdan ortiq reklama ob’ektlarining davlat tili qoidalariga muvofiqligi o‘rganilgan. Ularning 3 mingdan ortig‘i (35 foizi) talabga javob bermagan. Mazkur faktlar asosida kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 6 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish rasman taqiqlangan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda totalizator va bukmekerlik faoliyatini reklama qilayotgan 10 dan ortiq saytga kirish cheklangan edi.
LiveBarchasi