“Fenerbahche” prezidenti 2 yil-u 6 oyga qamaldi
Sport
−
04 iyun 2172 1 daqiqa
Turkiyaning “Fenerbahche” klubi prezidenti Sadettin Saran o‘zining media guruhiga qarashli “S Sport” platformasida futbol uchrashuvlari vaqtida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgani uchun ikki yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda NTV telekanali xabar berdi.
Shuningdek, Saranga 562,5 ming turk lirasi (qariyb 12,2 ming dollar) miqdorida jarima ham tayinlangan. Sud qarori “noqonuniy qimor va pul tiktirish faoliyatini targ‘ib qilish” aybi bo‘yicha chiqarilgan.
NTV ma’lumotlariga ko‘ra, hukm e’lon qilingan vaqtda Saran sud majlisida ishtirok etmagan.
Avvalroq, Turkiya futbolida noqonuniy bukmekerlik bilan bog‘liq yirik mojaro yuzaga kelgani xabar qilingan edi. Tergov natijalariga ko‘ra, Turkiya Futbol federatsiyasi (TFF) mingdan ortiq futbolchi, sport amaldori va 149 nafar hakamga nisbatan intizomiy choralar ko‘rgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ularning hisoblaridan mahalliy va xorijiy bukmekerlik kompaniyalarida sport o‘yinlariga pul tikkan holda foydalanilgan.
TFF rahbari Ibrohim Hojiosmano‘g‘lining ma’lum qilishicha, xorijiy onlayn bukmekerlik platformalaridagi noqonuniy pul tikuvlari tufayli Turkiya iqtisodiyoti taxminan 52 milliard dollar zarar ko‘rgan.
Live
Barchasi