Ehsonga yig‘ilgan pullarni totalizatorga tikib yuborgan yigit ushlandi (video)
Jamiyat
−
18:53 603 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida 19 yoshli yigit firibgarlik va kiberjinoyatda gumonlanib ushlandi. U 408 ming AQSH dollar qiymatdagi kriptoaktivlarni noqonuniy aylantirgani, shuningdek, internetda xayriya uchun yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirib, totalizatorga tikib yuborgani aniqlangan. Bu haqda Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, dastlab yigit O‘zbekistonda kriptoaktivlar savdosi bilan bog‘liq qonunchilik talablarini muntazam ravishda buzib kelgani aniqlangan. U noqonuniy ravishda aylantirgan kriptoaktivlarning umumiy qiymati 408 ming AQSH dollaridan, milliy valyutada esa 4 milliard 894 million 152 ming so‘mdan ortiq bo‘lgan.
Keyingi surishtiruvlarda 2007 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan yigit boshqa fuqarolarni aldab, ularning pullarini o‘zlashtirish bilan ham shug‘ullangani aniqlangan.
U ijtimoiy tarmoqlarda salomatligida jiddiy muammo bo‘lgan bemorlar uchun yordam so‘rab e’lon qilingan videolarni kuzatgan. Shundan so‘ng Instagram’dagi bloger nomidan Telegram’da soxta akkaunt ochib, bemorning yaqinlariga yozgan.
Gumonlanuvchi ulardan kartaga qancha mablag‘ yig‘ilganini so‘rab, pullarni vaqtincha o‘z kartasiga o‘tkazishni, keyinchalik naqd shaklda qaytarib berishni va’da qilgan. Shu yo‘l bilan u jami 43 million so‘mga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirgan. Shuningdek, bemorning tanishi bo‘lgan Paynet shoxobchasi xodimidan ham 30 million so‘mdan ortiq pulni xuddi shu usulda o‘z kartasiga o‘tkazdirgan.
Gumonlanuvchining aytishicha, u o‘zlashtirilgan pullarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn totalizator hisob raqamiga kiritgan. U jami 76 million so‘mni tikib, yutqazganini bildirgan.
“Qilgan ishimdan afsusdaman. Bu holat boshqa takrorlanmasligiga, o‘zimni to‘g‘rilashga va’da beraman”, deya bayonot bergan u.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b” va “v” bandlari hamda 278-8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida Telegram orqali fuqarolarning telefonlariga zararli APK fayllar yuborib, bank kartalaridagi mablag‘larni o‘g‘irlagan kiberjinoyat guruhi fosh etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi