Turkiya notinch. Erdo‘g‘anning ishongani ortidan pichoq urdi

Tahlil

−

Reklama
0:00

Turkiyada so‘nggi haftalarda mamlakatning siyosiy kun tartibini bir ism egallab oldi. U ism Fatma Betul Sayan Kaya. Bir paytlar Turkiyaning Oila va ijtimoiy siyosatlar vaziri bo‘lgan, keyinchalik hukmron AK (Adolat va taraqqiyot) partiyasi rahbariyatida yuqori lavozimni egallagan, Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ishonganlaridan biri bo‘lgan Kaya bugun siyosiy faoliyati bilan emas, balki fondlar va aksiyalar atrofidagi ulkan moliyaviy mojaro bilan tilga olinmoqda. Fatma Betul Sayan Kaya atrofidagi oxirgi mashmashalar Turkiyada siyosatni ham, moliya bozorini ham larzaga keltirdi. Bir necha kun oldin u Turkiya siyosatidagi taniqli, ammo hokimiyat ichida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan siyosatchilardan biri edi. Bugun esa, uning nomi aksiyalar, milliardlab liralar, fond bozori, davlat stipendiyalari, tibbiyot diplomi, siyosiy aloqalar va hatto hukmron partiyaning ichki munosabatlari bilan bog‘liq savollar markazida turibdi. 

Gap bir necha yuz ming yoki bir necha million lira haqida emas. Ommaga chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Kaya va uning eri Ilyas Kaya aprel oyida Özata Denizcilik kompaniyasi aksiyalariga jami 163 million liradan ortiq mablag‘ kiritgan. Oradan taxminan to‘rt-besh oy o‘tib esa bu aksiyalardan 2,17 milliard liraga yaqin mablag‘ chiqarilgan. Turkiyadagi 2023 yilgi zilzilalarni eslasangiz kerak. Qariyb 2 mln aholi uysiz qolgandi o‘shanda. Tasavvur qilishingiz uchun 2,17 milliard lira 2023 yilgi zilzilalardan keyin ham uy-joy muammosi to‘liq hal bo‘lmagan Turkiyada minglab oilalarni yangi va xavfsiz uy bilan ta’minlashga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan ulkan mablag‘dir.  

Keling, avval bu raqamlarni o‘zbek so‘miga chaqib ko‘ramiz. Kaya va erining jami investitsiyasi sifatida tilga olinayotgan summa – 163 million 46 ming lira. 2026 yilning 8 aprel kunidagi Turkiya Markaziy bankining rasmiy ko‘rsatkichida 1 AQSH dollari – 44,4527 lira bo‘lgan. Demak, o‘sha kundagi kurs bo‘yicha: 163 million 46 ming lira – taxminan 3 million 668 ming dollar.  

Ya’ni gap taxminan 43 milliard 232 million 500 ming so‘mlik boshlang‘ich kapital haqida ketmoqda. Agar 2,2 milliard lirani ham aynan shu 8 apreldagi kurs bilan shunchaki taqqoslash uchun hisoblasak, bu qariyb 583 milliard 427 million so‘m bo‘ladi. 

Ammo bu voqeaning eng qiziq tomoni pulning qancha ekanida emas. Asosiy savol – bu operatsiyalar qanday amalga oshirilgan, mablag‘ manbasi qayerdan kelgan, aksiyalar nega aynan shu vaqtda sotib olingan va sotilgan hamda Kaya juftligi bu qadar katta daromadini qanday izohlaydi? Va eng muhimi Fatma Betül Sayan Kaya bu jarayonni yolg‘iz o‘zi amalga oshirganmi? Nahotki u Erdo‘ganning orqasidan pichoq urgan bo‘lsa? Yaqin daqiqalarda shu savollarga javob qidiramiz. Fatma Betul Sayan Kaya kim? Xo‘sh Fatma Betul Sayan Kaya ismli ayol o‘zi kim? Nega uning oddiy investor sifatidagi operatsiyasi Turkiyada bunchalik katta siyosiy rezonans berdi? Buning sababini bilish uchun uning siyosiy tarjimai holiga nazar solish maqsadga muvofiq.  

Fatma Betul Sayan Kaya 1981 yilda tug‘ilgan. U Turkiyaning Bilkent (Bilkent Üniversitesi) universitetida  elektr va elektronika muhandisligi bo‘yicha tahsil olgan. Keyinchalik AQSHdagi Nyu-York politexnika universitetida (Polytechnic Institute of New York University, hozirgi nomi – NYU Tandon School of Engineering) magistraturada o‘qigan. Shundan keyin Turkiyaga qaytib, Istanbul universiteti – Jerrahpasha (İstanbul Üniversitesi – Cerrahpaşa) tibbiyot fakultetida tahsil olgan. Ochiq tarjimai holida u 2015 yil 25 may kuni tibbiyot fakultetini tamomlaganini bildirgan. Ammo uning siyosiy faoliyati bundan ham oldin boshlangan. 2009 yildan AK (Adolat va taraqqiyot) partiyasining (AK Parti İstanbul) Istanbuldagi bo‘limida faoliyat yuritgan. Keyinchalik o‘sha paytdagi Bosh vazir – Rajab Toyib Erdo‘g‘anning maslahatchisi bo‘lgan.  

2012 yildan AK partiyasining Istanbuldagi bo‘limida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2016 yil 24 may kuni esa Binali Yildirim (Binali Yıldırım) hukumatida Oila va ijtimoiy siyosatlar vaziri bo‘lgan. 2018 yilda vazirlik davri yakunlangan. Keyinchalik parlamentda Istanbul deputati bo‘lib ishlagan. 2023 yildan keyin esa deputat bo‘lmagan bo‘lsa-da, AK partiyasi rahbariyatida faoliyatini davom ettirgan.  

2026 yilning sentyabriga kelib, u AK partiyasi raisi o‘rinbosari va ijtimoiy siyosatlar bo‘yicha mas’ul shaxs edi. Demak, bugungi voqeaga oddiy fuqaro emas, Turkiya siyosatining yuqori qatlamida bo‘lgan shaxs aralashgan. Shuning uchun bu ishning siyosiy og‘irligi ham katta. 

Fond mojarosidan keyin odamlarda faqat “Bu 163 million lira qayerdan kelgan?” degan savol bilan birga yana bir savol paydo bo‘ldi: “Fatma Betul Sayan Kaya o‘sha yillarda qanday qilib bunchalik ko‘p ishni bir vaqtning o‘zida bajargan?” Bu savolni ayniqsa İYİ Parti (Yaxshi partiya) deputati Turhan Cho‘mez (Turhan Çömez) parlamentga olib chiqdi. 

“Da’volar juda jiddiy. AK partiyasi siyosatchisi, sobiq vazir va uning eri aprel oyida sotib olgan aksiyalarini sentyabr oyida, ya’ni FONZİ mojarosi avj olishidan oldin sotib yuborgan. Ular besh oy ichida 2 milliard liradan ortiq daromad olgan. O‘tirib hisoblab ko‘rdim – bu roppa-rosa ikki yuk mashinasiga to‘la pul degani”, deydi u. 

4 oktyabr kuni Cho‘mez ikki alohida yozma savol bilan chiqdi. 

“Jurnalistlarning qo‘ng‘iroqlariga hozir gaplasha olmayman deb telefonni o‘chirgan bu AK partiyasi siyosatchisi, vaqti bo‘lsa, bir tushuntirib qo‘ysin! bu pullarni eri bilan birga olib ketdimi? Agar olib ketgan bo‘lsa, qayerga?” 

U bir tomondan Kayaning Cyerrahpasha tibbiyot fakultetidagi o‘qish jarayonini, ikkinchi tomondan esa İSBAK (İstanbul Bilişim ve Akıllı Kent Teknolojileri AŞ – Istanbul axborot va aqlli shahar texnologiyalari MCHJ) kompaniyasidagi faoliyati va xorijdagi ta’lim xarajatlarini tushuntirishni talab qildi. Nega? Chunki ochiq ma’lumotlarda juda qiziq vaqt jadvali paydo bo‘lmoqda. Kaya Bilkent universitetida muhandislikni tugatgan. Keyin AQSHda tahsil olgan. Ochiq tarjimai holiga ko‘ra, 2009 yilda Turkiyaga qaytib, Cyerrahpasha tibbiyot fakultetiga kirgan. 2015 yil 25 mayda uni tugatgan. Demak, taxminan olti yil. Ammo bular bilan birga shu davrning o‘zida boshqa ishlarni ham bajargan. 

AQSHdagi o‘qish, İSBAK va stipendiya masalasi. bu yerda eng ko‘p savol tug‘dirayotgan masalalardan biri – İSBAK. İSBAK – Istanbul shahar hokimiyatiga qarashli kompaniyalardan biri. 2021 yildagi Istanbul hokimiyati Tekshiruv kengashi hisobotiga ko‘ra, Kaya 2008 yil 14 noyabrda İSBAK’ka muhandis sifatida ishga olingan. Qizig‘i, uning AQSHdagi o‘qishi uchun stipendiya masalasi ham aynan shu kuni ma’qullangan.  

Hisobotlarda unga: 85 ming 791 dollar va 20 ming 289 lira miqdorida mablag‘ ajratilgani qayd etilgan. U 2009 yil 12 yanvarda AQSHga ketgan. Endi savolni oddiy qilib qo‘yaylik. Bir tomonda Nyu-Yorkdagi o‘qish. Ikkinchi tomonda Turkiyadagi tibbiyot fakulteti. Uchinchi tomonda İSBAK bilan mehnat munosabatlari. To‘rtinchi tomonda AK partiyasidagi siyosiy faoliyati. Beshinchi tomonda esa Erdo‘g‘anga maslahatchi bo‘lishi. Mana shu kombinatsiya jamoatchilikda: “Bularning barchasini bir odam bir vaqtning o‘zida qanday bajargan, qanday ulgurgan?” degan savolni paydo qilmoqda. Bu savolni media ham ko‘tarmoqda, parlament ham. Ammo bu da’volar va savollar Kayaning diplomi soxta ekanini yoki pulga sotib olinganini anglatmaydi.  

Hozircha uning tibbiyot diplomi soxta ekanini tasdiqlagan birorta sud qarori ham yo‘q. Masala boshqa narsada. o‘qish, ish, siyosiy faoliyatning barchasini bir vaqtning o‘zida qanday qilib eplaganida. Turhan Cho‘mez aynan shu hujjatlarni so‘ramoqda.  

Sababi, tibbiyot fakulteti oddiy universitetdagi oddiy auditoriya darslari bilan tugamaydi. Ayniqsa yuqori kurslarda klinik mashg‘ulotlar, amaliyotlar va internatura (amaliy tibbiy tayyorgarlik bosqichi – shifokor sifatida) mavjud. 

Cho‘mezning ta’kidlashicha, Kayaning ochiq tarjimai holida 2009 yilda Cyerrahpasha tibbiyot fakultetiga kirgani, 2015 yil 25 mayda bitirgani ko‘rsatilgan. Lekin İBB (İstanbul Büyükşehir Belediyesi Kurumsal – Istanbul Katta shahar hokimligi) Tekshiruv kengashining hujjatlarida uning Nyu-York politexnika universitetidagi xorijiy ta’lim jarayoni 2010 yilda ham davom etgani, 2011 yil 14 noyabrdan – 2015 yil 20 aprelgacha esa yana İSBAK xodimi sifatida qayd etilgani ko‘rsatilgan.  

Shu yerda media berayotgan savol juda oddiy: Agar siz 2009–2015-yillarda tibbiyot fakultetida kunduzgi ta’lim olayotgan bo‘lsangiz, shu vaqtning o‘zida qanday qilib boshqa davlatda ta’lim olish, davlatga qarashli kompaniyada faoliyat yuritib va yana siyosiy lavozimlarni ham egallagansiz? Kaya keyinchalik katta oilaviy boylikka ega ekanini bildirgan.  

Jurnalist Hadi O‘zishik (Hadi Özışık) u bilan telefon orqali gaplashganini va Kayaning 63,4 million liraga yaqin sarmoyasining manbasi haqida so‘raganini aytgan. O‘zishikning aytishicha, Kaya boylik manbasi sifatida oilasi va bobosidan qolgan ko‘chmas mulklarni ko‘rsatgan. Xususan, Do‘g‘ubayazit shahridagi yer-mulklar haqida gapirgan. 

“Fatma Betul Sayan Kaya bobosidan qolgan yer-mulklarning egasi. Ya’ni Do‘g‘ubayazitning deyarli hammasi bobosidan qolgan. Buni menga o‘zi aytdi”, deydi u. 

Hadi O‘zishik Kayaning barcha gaplarini ochiqlamagan. U suhbatni “off-the-record” deb qoldirishni Kaya so‘raganini aytgan. 

Mojaro qayerdan boshlandi?  

Turkiyadagi sarmoya bozori atrofidagi inqiroz 2026 yilning sentyabrida jiddiy tus oldi. Turkiya Kapital bozorlar komissiyasi (SPK – Sermaye Piyasası Kurulu) 131 ta investitsiya fondini tugatish haqida qaror chiqardi. Bu jarayon 455 mingdan ortiq yagona investorni qamrab oldi. “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, tugatilayotgan fondlardagi aktivlar qiymati 20 milliard dollardan oshgan. Bozordagi vahima oddiy investorlarni ham qamrab oldi. Istanbulning (Borsa İstanbul) asosiy indeksi sentyabr oyida 16,65 foizga tushdi. Bu 2008 yildan buyon eng yomon oylik natija bo‘ldi.  

Tergov esa fondlar bilan bog‘liq manipulyatsiya, pul harakatlari va ayrim aksiyalardagi keskin o‘zgarishlarning sabablarini aniqlashga qaratildi. Shu jarayonda tobora ko‘proq “nom”lar paydo bo‘ldi. Tera, Pusula va boshqa investitsiya kompaniyalari rahbarlari hibsga olindi. Ensonhaber bergan ma’lumotlarda dastlab hibsga olinganlar soni 51 nafarga yetgani, keyinchalik esa tergov chuqurlashib, 85 nafar gumondor hibsga olingani qayd etilgan.  

Ya’ni bu oddiy bir fondning muvaffaqiyatsizligi emas. Turkiya hukumati buni katta moliyaviy tergovga aylantirdi. Ana shu fond mojarosi ichidan esa siyosatdagi eng katta ism – Fatma Betul Sayan Kaya chiqib keldi. 163 million lira qanday qilib 2,17 milliardga aylanib qolgani uchun uyg‘ongan shubhaning ildizi shu yerda paydo bo‘ldi. “Yaxshi partiya” (İYİ Parti) vakili Zeynel Emrening da’volariga ko‘ra, Fatma Betul Sayan Kaya 8 aprel kuni Özata Denizcilik aksiyalaridan 250 ming dona sotib olgan.  

“8 apreldan boshlanadi. Qarang, u Özata aksiyalaridan 255 liradan 250 ming dona sotib olgan. Sentyabrga kelib esa ularni 4 ming 482 liradan sotgan. 63 million 359 ming lira pul kiritgan, to‘rt oy ichida esa 1 milliard 344 million lira yechib olgan”, deydi u.  

Uning eri Ilyas Kaya ham aynan shu kompaniya aksiyalari bilan operatsiyalar amalga oshirgan. U taxminan 150 ming dona aksiya uchun 99 million 687 ming lira sarflagani va keyinchalik taxminan 826 million lira chiqargani da’vo qilindi.  

Shunday qilib, er-xotin tomonidan kiritilgan summa: 63,359 million + 99,687 million = 163,046 million lira. Chiqarilgan mablag‘ esa: 1,344 milliard + 826 million = 2,17 milliard lira. 

Bu raqamlar bo‘yicha hisoblaganda, oila taxminan 163 million liralik kapitaldan 2 milliard liradan ortiq chiqim qilgan. Ammo jurnalistik nuqtai nazardan bu yerda bitta muhim farq bor: 2,17 milliard lirani to‘liq “sof foyda” deb atash to‘g‘ri emas. Bu –aksiyalarni sotish va undan keyingi hisob-kitoblardan olingan jami mablag‘. Asosiy kapital ham shu summaning ichida. Shuning uchun to‘g‘riroq qilib 2,17 milliard liraga yaqin mablag‘ chiqarilgani” yoki “aksiyalar operatsiyasidan olingan summa deyish mumkin. Bu raqamlarning o‘zi hali jinoyat sodir etilganini isbotlamaydi. Lekin paydo bo‘lgan savollarni yanada ko‘ndalang qo‘yadi. Chunki aynan shu aksiyalardagi narx harakati, operatsiyalar va vaqt masalasi tergovchilar e’tiboriga tushgan. 

Kayaning qulog‘iga kim shivirlagan? 

Zeynel Emre ham aynan operatsiyalarning vaqtiga e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, aksiyalarni sotib olish 8 aprelda boshlangan, sotuvlar esa sentyabrda, fond mojarosi avj olishidan oldin amalga oshirilgan.  

Bu esa tabiiy ravishda savol tug‘diradi: Kaya juftligi bozorni o‘zlari tahlil qilib shunday qarorga kelganmi yoki ularga aksiyalar haqida qandaydir ma’lumot berilganmi? Tergovning asosiy savollaridan biri ham shu. 7 oktyabr kuni Kaya va uning eri Istanbuldagi Chag‘layan sud binosida gumon qilinuvchi sifatida ko‘rsatma berdi.  

“Reuters” ham ularning ish bo‘yicha gumon qilinuvchi sifatida ko‘rilayotganini keltirgan. Er-xotin esa “hech kim bizni yo‘naltirmagan” degan javobni bergan. Ilyas Kaya tergovchilar oldida aprel oyida Özata Denizcilik aksiyalaridan taxminan 150 ming lot sotib olganini, aksiyalarning bir qismini avgustda, qolganini esa sentyabrda sotganini bildirgan. 

“2026 yil aprel oyida Özata Denizcilik aksiyalaridan taxminan 150 ming lot sotib oldim. Aksiyalarning bir qismini avgustda, qolganini esa sentyabrda sotdim. Amalga oshirgan operatsiyalarim qonunchilikka muvofiq bo‘lgan. Hech qanday manipulyativ harakat sodir etmadim. Investitsiyalarimda hech kimning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilmaganman”, deydi u. 

U sotuvdan tushgan mablag‘ning bir qismini Halk Yatırım va Tera Yatırım orqali qisqa muddat fondlarda saqlaganini aytgan. Kaya hech kim tomonidan yo‘naltirilmaganini va o‘ziga maxsus ma’lumot berilmaganini qat’iyan ta’kidlagan. Ilyas Kaya operatsiyalarni qonun doirasida amalga oshirganini va manipulyatsiya qilmaganini bildirgan. Tergov ommaga chiqqanidan keyin esa “vijdonan noqulaylik” his qilganini aytib, olgan daromadini TMSF (Jamg‘arma omonatlarini sug‘urtalash fondi – Tasarruf Mevduatı Sigorta Fonu) ko‘rsatgan hisobga o‘tkazganini ma’lum qilgan.  

Fatma Betul Sayan Kaya ham xuddi shunday pozitsiyani bildirgan. U aprel oyida taxminan 250 ming lot aksiya olganini, bir qismini avgustda, qolganini sentyabrda sotganini aytgan. Sotuvdan tushgan mablag‘ni qisqa muddat Tera (Tera) fondida saqlaganini, keyinchalik fonddan chiqqanini va daromad sifatida ko‘rilgan summani TMSF hisobiga o‘tkazganini bildirgan.  

Ya’ni er-xotin Kayalar o‘zlarini ichki ma’lumotdan foydalangan yoki kimdir tomonidan boshqarilgan investor sifatida emas, o‘z qarori bilan savdo qilgan investorlar sifatida ko‘rsatmoqda. Endi tergovchilar bu gaplarni bank ma’lumotlari, aksiyalar savdosi va pul o‘tkazmalari bilan solishtirishi aytilmoqda. Mediada paydo bo‘lgan keyingi xabarlarda Kaya oilasining ko‘chmas mulklari ham tekshirilgani aytildi.  

Ayrim OAVlar 49 qarindoshga tegishli 182 ta ko‘chmas mulk aniqlangani, biroq Ag‘ri yoki Do‘g‘ubayazit hududida Kaya oilasiga tegishli mulk qayd etilmagani haqida yozdi. Shundan keyin “pul bobodan qolgan yer-mulkdan kelgan” degan izohning o‘zi ham endi alohida tekshiruv mavzusiga aylandi.  

Ammo ish bu bilan tugamadi. Aksincha, oktyabr oyining birinchi haftasida Fatma Betul Sayan Kaya atrofidagi voqealar yanada keskin tus oldi. 

5 oktyabr: pullarni qaytarish boshlandi 

5 oktyabr kuni Kaya va uning eri Ilyas Kaya ishida yangi burilish yuz berdi. Ularning hisoblaridagi asosiy kapitaldan tashqari mablag‘ni davlatga qaytarish uchun murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Gap taxminan 1 milliard 860 million lira haqida ketmoqda. Dastlab jamoatchilikka Kaya juftligi aksiyalardan 2,2 milliard lira atrofida mablag‘ chiqargani haqida ma’lumot tarqalgan edi.  

Ammo TMSF’ga qaytarilishi ko‘zda tutilgan summa asosiy kapital ya’ni dastlabki 163 million liradan tashqari qism sifatida ko‘rsatildi. 5 oktyabr kuni ushbu mablag‘ TMSF’ning “ixtiyoriy qaytarish” hisobiga o‘tkazilgani xabar qilindi. Boshqacha aytganda, Kaya oilasi o‘zlari investitsiya qilgan dastlabki kapitalni emas, aynan undan ortgan qismni qaytarish mexanizmidan foydalangan.  

Buning uchun Istanbul Bosh prokuraturasi ham ruxsat berdi. Keyin Kaya va uning eri mablag‘lari saqlanayotgan 7 ta bankka tegishli ko‘rsatmalar yuborilan. Pullar TMSF’ga tegishli Birleşik Fon Bankası banki hisobiga o‘tkazilishi kerak edi. Lekin bu pulni qaytarish “ish yopildi” degani emas edi. Chunki tergov davom etayotgan, SPK esa Kaya juftligining aksiyalar bozoridagi operatsiyalari bo‘yicha alohida huquqiy jarayon boshlashi kutilayotgandi. 

Kayaga kim ma’lumot bergan?  

Oxirgi kunlarda tergovning yana bir yo‘nalishi ko‘proq muhokama qilina boshladi. Fatma Betul Sayan Kaya va Ilyas Kaya Özata Denizcilik aksiyalarining keskin ko‘tarilishini oldindan bilganmi? Chunki aynan shu kompaniya aksiyalaridagi operatsiyalar ularga juda katta mablag‘ olib kelgan.  

Mediada esa bu borada yangi da’volar paydo bo‘ldi. Ayrim xabarlarda Kaya aksiyalarning o‘sishi haqida Tera Portföy boshqaruvi raisi Erdin O‘zel orqali ma’lumot olgani taxmin qilingan. Hatto Kaya va O‘zel 8 aprel kuni o‘tkazilgan tadbirda yonma-yon o‘tirgani aks etgan suratlar ham muhokamaga chiqdi. Ammo bu holatning o‘zi Kayaga maxsus yoki ichki ma’lumot berilganini isbotlamaydi. Bu hozircha media darajasidagi da’vo bo‘lib qolmoqda. 

Kaya va uning eri esa o‘z ko‘rsatmalarida bunday yo‘l-yo‘riq olganini rad etmoqda. Demak, tergov uchun eng muhim savollardan biri hanuz o‘sha: Bu ulkan daromad oddiy bozor qarorining natijasimi yoki kimdir Kaya juftligiga aksiyalar haqida oldindan ma’lumot berganmi? Bunga javob beradigan asosiy dalillar bank operatsiyalari, fond bozori yozuvlari, telefon aloqalari va pul harakatlari bo‘lishi mumkin. 

7 ta bankka topshiriq  

6 oktyabr kuni Kaya juftligi pullarini qaytarish jarayoni yanada aniq tus oldi. Istanbul Bosh prokuraturasi ularning hisoblaridagi mablag‘larni Birleşik Fon Bankası bankiga yuborish uchun 7 ta bankka yozma ko‘rsatma yubordi. Bu mablag‘lar Kaya juftligining o‘z arizasida ko‘rsatilgan hisoblaridan olinishi kerak edi.  

Jarayon SPK tomonidan e’lon qilingan “ixtiyoriy to‘lov” mexanizmi doirasida olib borildi. Ammo bu yerda ham bir nozik jihat bor. Pulning qaytarilishi aksiyalar bozoridagi operatsiyalar qonuniy bo‘lganini avtomatik tarzda anglatmaydi.  

Ya’ni Kaya juftligi mablag‘ni qaytargani bilan tergovchilarning “bu pul qanday topildi?”, “savdo paytida ichki ma’lumotdan foydalanildimi?”, “bozor manipulyatsiyasi bo‘lganmi?” degan savollari yo‘qolib qolmaydi. Aynan shu sababli SPK’ning ham alohida huquqiy choralar ko‘rishi kutilayotgan edi. 

Kayalar sudga chaqirildi  

Va nihoyat, 7 oktyabr kuni ishning eng muhim bosqichlaridan biri boshlandi. Fatma Betul Sayan Kaya va uning eri Ilyas Kaya Istanbuldagi Chag‘layan sud binosiga chaqirildi. Ular ish bo‘yicha “gumon qilinuvchi” maqomida ko‘rsatma bergan. Tergov Istanbul Bosh prokuraturasining jinoyatdan olingan mablag‘larni legallashtirishga qarshi bo‘limi tomonidan olib borilayotgani bildirildi.  

Bundan oldin jamoatchilik asosan siyosiy savollar bilan band edi: Kaya nima uchun bu aksiyalarni sotib oldi, qancha pul topdi, nega AK partiyasi rahbariyatidagi lavozimidan ketdi? Endi esa masala bevosita huquqiy tergov bosqichiga o‘tdi. Ilyas Kaya tergovchilarga bergan ko‘rsatmasida 2026 yil aprel oyida Özata Denizcilik aksiyalaridan taxminan 150 ming lot sotib olganini aytdi.  

U aksiyalarning bir qismini avgust oyida, qolganini esa sentyabr oyida sotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyalar qonunchilikka muvofiq amalga oshirilgan, hech qanday manipulyativ harakat sodir etilmagan va u hech kimning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilmagan. Fatma Betul Sayan Kaya ham xuddi shunday pozitsiyani bildirgan. Ya’ni er-xotinning asosiy himoya pozitsiyasi bitta: 

“Bizga hech kim ma’lumot bermagan, hech kim bizni yo‘naltirmagan, aksiyalarni o‘zimizning investitsiya qarorimiz asosida sotib olganmiz”.  

Tergov jarayonida Kaya juftligi aksiyalardan sotuv orqali tushgan mablag‘ning bir qismini keyinchalik Tera Portföy fondiga joylashtirganini ham bildirdi. Ya’ni pul Özata Denizcilik aksiyalarini sotish bilan to‘xtab qolmagan. Aksiyalardan chiqqan mablag‘ning bir qismi yana moliyaviy instrumentlarga kiritilgan va u yerda ham daromad olish davom etgan. Bu holat tergovchilarning e’tiborini yanada kuchaytirdi. Chunki endi masala faqat: “163 million lira qanday qilib 2,2 milliardga aylandi?” degan savol bilan cheklanmaydi. Yana bir savol paydo bo‘ladi: “2,2 milliard liraga yaqin mablag‘ keyinchalik qayerga yo‘naltirildi va undan yana qancha daromad olindi?” Aynan shu pul harakati ham tergov doirasida tekshirilmoqda. 

Kaya partiyadan chiqdi  

7 oktyabr kuni kechga borib, Turkiya siyosatida yana bir katta yangilik paydo bo‘ldi. Adolat va taraqqiyot partiyasi Bosh kotibi Eyyup Kadir Inan (Eyyüp Kadir İnan) Fatma Betul Sayan Kayaning endi partiya a’zosi ham, partiya vakili ham emasligini ma’lum qildi.  

“AK partiyasi sifatida Prezidentimizning ko‘rsatmalari va vakolatli kengashlarimizning xulosalari asosida zarur choralarni ko‘rdik. Bugun Fatma Betul xonim partiyamiz a’zosi ham, partiyamiz vakili ham emas. Qolgan masala huquqiy masala. Unga sud qaror beradi. U haqda mening gapirishim ham mutlaqo to‘g‘ri bo‘lmaydi”, deydi u.  

Bu bayonot Kaya sentyabr oyida AK partiyasi rahbariyatidagi barcha lavozimlaridan iste’fo berganidan keyin yuz berdi. Eyyup Kadir Inan masalaning huquqiy tomoniga sud baho berishini aytdi. Demak, bir necha hafta ichida Kaya siyosiy jihatdan juda katta o‘zgarishni boshdan kechirdi. Avval, u AK partiyasi rais o‘rinbosari lavozimidan ketdi, keyin uning moliyaviy operatsiyalari bo‘yicha tergov boshlandi, 7 oktyabr kuni esa u partiyaning o‘zi bilan ham aloqasini uzdi.  

Bu esa voqeani oddiy moliyaviy mojaro chegarasidan chiqarib, AK partiyasi ichidagi siyosiy inqirozga ham aylantirdi. Bugungi kunga kelib, ishning bir nechta alohida yo‘nalishi shakllangan. Birinchisi – 163 million liradan 2,17–2,2 milliard liraga yaqin mablag‘gacha bo‘lgan keskin o‘sish. Ikkinchisi – bu operatsiyalar amalga oshirilgan vaqt. Uchinchisi – aksiyalar haqida oldindan qandaydir ma’lumot bo‘lgan-bo‘lmaganligi. To‘rtinchisi – mablag‘larning keyinchalik Tera kabi fondlarga yo‘naltirilgani.  

Beshinchisi – Kaya oilasining boylik manbasi va ko‘chmas mulklari. Oltinchisi esa eng siyosiy savol: Fatma Betul Sayan Kaya bu operatsiyalarni oddiy investor sifatida amalga oshirganmi yoki uning siyosiy mavqei unga boshqa investorlar ega bo‘lmagan imkoniyatlarni berganmi? Hozircha bu savollarning hech biriga “jinoyat sodir etilgani aniq” degan xulosani berib bo‘lmaydi. Chunki Kaya va uning eri ayblovlarni hamon rad etmoqda. Ammo boshqa tomondan, ular allaqachon gumon qilinuvchi sifatida ko‘rsatma berdi, mablag‘larning asosiy kapitaldan tashqari qismini TMSF’ga qaytarish jarayonini boshladi va Fatma Betul Sayan Kayaning AK partiyasi bilan siyosiy aloqasi ham uzildi. Shuning uchun bu voqeaning haqiqiy markazida hozircha bitta raqam turibdi: 163 million lira. Chunki aynan shu puldan boshlangan operatsiyalar bir necha oy ichida 2 milliard liradan oshiq mablag‘ haqidagi savollarni yuzaga chiqardi. 

Endi esa bu pulning qanday qilib bu darajada ko‘paygani, kimning qanday qaror qabul qilgani va bozor ichida kimlar bir-biri bilan qanday aloqada bo‘lgani tergovning asosiy mavzusiga aylanmoqda. Bir paytlar Erdo‘g‘anning eng yaqin siyosiy kadrlari qatorida bo‘lgan, vazirlik qilgan va AK partiyasi rahbariyatida yuqori lavozimni egallagan Fatma Betul Sayan Kaya haqidagi qolgan masalalar esa sud va tergov organlariga havola. 

 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing