Samarqandda bir guruh shaxslar bankomatni pullari bilan o‘g‘irlab ketdi
3-sahifa
−
04 fevral 2023
10174Samarqand viloyatida bir guruh shaxslar bankomatni ichidagi pullari bilan birga o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar bo‘limi Axborot xizmati xabar berdi.
“Joriy yilning 25 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on tumani “Navoiy” mahallasida o‘rnatilgan bankomat shoxobchasidan noma’lum shaxslar tomonidan bir dona bankomat qurilmasi ichida bo‘lgan 720 000 000 so‘m miqdordagi pullari bilan o‘g‘irlab ketilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida tumanning “Tavaron” mahallasi hududidagi tashlandiq joydan o‘g‘irlangan bankomat apparati bo‘laklarga bo‘lingan holda topilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni qidirib topish bo‘yicha olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur jinoyatnining 4 nafar shaxs tomonidan sodir etgani aniqlangan.
“Hozirda ushbu shaxslar qo‘lga olinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida savdo do‘koni yonida joylashgan bankomatdan o‘g‘rilik sodir etilgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi