O‘zbekiston YeOIIga bosim ostida a’zo bo‘lyaptimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Rossiya dominant bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi ko‘plab bahslarni keltirib chiqargandi. Hozirda tegishli qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan tasdiqlangan, a’zolik masalasi hal bo‘lgan deyish mumkin. Qonunni Prezident imzolasa bo‘lgani.

2019 yilning oktyabr oyida O‘zbekistonning tashkilotga yaqinlashuvi haqida dastlabki ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan mamlakatning YeOIIga a’zo bo‘lishi to‘g‘ri emasligi, tuzilma Rossiyaning qo‘shnilariga ta’sir o‘tkazish quroli ekani haqida fikrlar yangragandi. Hatto, mamlakatdagi siyosiy partiyalar ham bunga munosabat bildirdi. Ba’zilar tashkilot haqidagi dastlabki salbiy fikrini ko‘z ochib yumguncha o‘zgartirib ham oldi.

O‘zbekistonda deputatlar zo‘r berib, tashkilotga a’zolikning foydalari haqida gapirdi. Yangi bozor ochilishi, iqtisodiyotga foyda bo‘lishi urg‘ulandi. Bu orada Rossiya tomoni O‘zbekistonga bosim qilayotgani haqidagi gap-so‘zlar inkor qilindi

Qonun loyihasi Senat tomonidan tasdiqlanganidan ko‘p o‘tmay, So‘xda, o‘zbek-qirg‘iz chegara hududida mojaro yuz berdi. Hozir mojaro tafsilotiga to‘xtalmaymiz. Shu masala yuzasidan ikki davlat delegatsiyasi uchrashuvida Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari (hozir Bosh vazir) Kubatbek Boronov So‘x va Farg‘ona yo‘lining yopilish sababini YeOII ekanini aytdi. Bu O‘zbekistonni tashkilotga tortish uchun bosim bo‘lmay nima? Bu gaplar o‘sha vaqtdagi asosiy masala “soyasi”da qolib ketdi.

Endi bo‘lsa, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senati minbaridan Rossiya O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lishi uchun mehnat muhojirlari orqali ta’sir o‘tkazayotganini aytdi. Aniqlik kiritamiz, vazir janoblari migrantlar masalasida rasmiy Moskvaga taklif qilingan yaxshi shartnoma YeOII sabab tasdiqlanmaganini bildirdi. Xususan, u shunday dedi:

“[Rossiyadagi] fuqarolarimiz taqdirini yengillashtiradigan qator hujjatlarlarni tayyorlagan edik. Rossiya bilan bir ikkita hujjatlarni imzolamoqchi bo‘lgan edik, lekin ular qabul qilmadi. Juda ko‘p nozik tomonlari bor, buni ham, o‘ylaymanki, senatorlarimiz bilishi kerak. Ular aytayaptiki, “to‘g‘ri yozilgan, yaxshi shartnoma. Shartnomani nima qilasiz? Mana, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lib kiringlar. Hech qanaqa shartnoma kerak bo‘lmaydi. Ana shunda hamma muammolar o‘z yo‘li bilan hal bo‘lib ketadi”, deya Rossiya tomonining javobini keltiradi Komilov.

Vazirning ta’kidlashicha, YeOII singari institutlarning ko‘plab salbiy, ijobiy taraflari bor. Shuning uchun, o‘rganib qadam tashlash kerak. Lekin shunday muammolar kun tartibida bor.

Komilovning aytganlaridan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonni tezroq YeOIIga qo‘shish harakati bor. Ammo tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar – Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston Rossiyadan noroziligi oshkor bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Parlamentga yo‘llagan murojaatida ushbu masalaga ham to‘xtalib, quyidagicha fikr bildirgan edi: 

“Import va eksportimiz Qozog‘iston va Rossiyaning tranzit yo‘llari orqali o‘tadi. Qolaversa, aholimizning ko‘p qismi Rossiya va Qozog‘istonda ishlamoqda. Shularni inobatga olib, YeOIIga a’zolik masalasini ko‘rib chiqyapmiz”. 

Prezidentning qayd etishicha, YeOIIga a’zolik masalasida xalqning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish irodasiga tayaniladi. Shuning uchun deputat va senatorlar ushbu masalani atroflicha muhokama qilib, har bir masala bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmalariga olgan holda asoslangan xulosalarni aytishi kerak. 

“Deputatlar nima desa, shu bo‘ladi. Qo‘lga qalam olib hisob-kitob qilinglar. Men aytgan masalalarni ham albatta, inobatga olish shart”, degan edi Mirzyoyev. 

Ma’lumot o‘rnida, YeOII – 2015 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro integratsiya iqtisodiy birlashma hisoblanadi. Ittifoq tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston EOII

Baholaganlar

597

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing