O‘zbekiston YeIdan Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi
Olam
−
09 noyabr 2022
9108O‘zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqidan tadbirkor Alisher Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilovaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ramoqda. Bu haqda bugun, 9 noyabr kuni masaladan xabardor ikki kishiga tayangan holda “Financial Times” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Toshkent O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi rasmiylarining so‘nggi uchrashuvlaridan sanksiyalar yuzasidan xavotir bildirish uchun foydalangan. Shuningdek, O‘zbekiston tadbirkorga agar Bryussel yarim yo‘lni topa olmasa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sud ishida yuridik yordam ko‘rsatadi, deb yozadi gazeta.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nashrning izoh so‘roviga javob bermagan. Usmonovning matbuot kotibi mamlakat hukumati harakatlariga izoh berishdan bosh tortgan, biroq “sanksiyalar sarmoyaviy va xayriya loyihalariga to‘sqinlik qilishini” qo‘shimcha qilgan.
“Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimi ro‘yxatga olingan barcha jismoniy va yuridik shaxslarga Yevropa Ittifoqi Adliya sudida ro‘yxatga e’tiroz bildirish imkoniyatini beradi”, deydi gazetaga Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati vakili Peter Stano.
Joriy yilning sentyabr oyida Usmonovning singlisi Saodat Narziyeva Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan edi.
28 fevral kuni YeI Kengashi Usmonovni boshqa rossiyalik tadbirkorlar, rasmiylar va madaniyat arboblari bilan birga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qo‘shgan shaxslarning qora ro‘yxatiga kiritdi. Ularning barchasiga Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan, Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatilgan. Aprel oyida Usmonov YeI Kengashi ustidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, cheklovchi choralarni bekor qilishni va sud qarori chiqqunga qadar ularning ijrosini to‘xtatib turishni talab qilgan edi.
LiveBarchasi