O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari bir-birlarini tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 20 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ikki davlat yetakchilari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr va qutlug‘ Navro‘zi olam bayramlari munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlagan. Do‘st O‘zbekiston va Pokiston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va davomiy ravnaq tilaklari izhor etilgan.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida ta’kidlangan.
Oliy darajadagi tashrifdan keyin vazirliklar, idoralar va hududlar darajasidagi muloqotlar yanada faollashgani, o‘zaro almashinuvlar aniq natijalar bilan boyib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Suhbat davomida tomonlar so‘nggi vaqtlarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlikdan jiddiy tashvish bildirib, har qanday ziddiyat va muammoni faqat tinch va diplomatik vositalar orqali hal etish zarurligiga urg‘u bergan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va  Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilib, Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Pokiston etakchilari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing