O‘zbekiston Tojikistonga 1000 tonna un yubordi
Olam
−
30 may 2020
7148O‘zbekiston Tojikistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini yubordi. Yordam yuki 19 ta temir yo‘l vagonida Dushanbega jo‘natildi. Bu haqda “Asia Plus” xabar berdi.
Yordam Tojikistonda koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun yuborildi. Yordam yuki oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlardan iborat. Xususan, 1 000 tonnadan ortiq un yuborildi.
Joriy hafta boshida O‘zbekiston Dushanbega 24 tonna dori vositalari yuborgandi. Bungacha esa rasmiy Toshkent joriy yilning 9 aprel kuni Tojikistonga 18 ta temir yo‘l vagonida dori-darmon va oziq-ovqat yuborgandi. Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan 8 may kuni Dushanbega 8 nafar o‘zbek shifokorlari va 10 tonna yordam yuki, shuningdek, 10 ta o‘pkani sun’iy shamollatish uskunasi yuborildi.
Bundan tashqari, o‘sha kuni O‘zbekiston Tojikistonga 144 ta tibbiy konteynerlar yubordi. Ulardan poytaxtdagi “Bofanda” stadionida vaqtinchalik shifoxona qurildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda koronavirus bilan bog‘liq 3 807 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 1 865 nafari sog‘aygan, 47 nafari esa vafot etgan.
LiveBarchasi