O‘zbekiston “Tolibon” bilan kelishuv asosida 150 qochqinni Afg‘onistonga qaytardi — TIV 

Jamiyat

image

O‘zbekiston “Tolibon” rahbariyati vakillari bilan o‘zbek-afg‘on chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolariga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish bo‘yicha kelishuvlar natijasida 150 nafar qochqinni o‘z xohishi bilan vataniga qaytardi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, “Tolibon” harakati vakillari bilan shu keskin kunlarda o‘zbek-afg‘on chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolarining xavfsizlik kafolatlarini olish bo‘yicha ko‘p ishlar qilingan.

Afg‘onistonga qaytgan fuqarolardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan rasmiy protsessual choralar ko‘rilgandan so‘ng, ularning hammasi uylariga qo‘yib yuborilgan va hozirda ular o‘z oilalari bag‘rida to‘liq xavfsiz holda bo‘lib turibdi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston nafaqat afg‘onistonlik qochqinlarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha ishlar olib bormoqda, balki xorijiy fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bo‘yicha Yevropa davlatlariga ko‘maklashmoqda. Bu uchun albatta, minnatdorlik bildirgan davlat rahbarlari ham bo‘ldi.  

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir necha kun mobaynida O‘zbekiston hududi orqali xorijiy davlatlarning 1982 fuqarosi evakuatsiya qilindi. Ushbu jarayonlarda Toshkent-3 mahalliy aeroporti tranzit vazifasini o‘tamoqda

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.

2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi. Kecha, 19 avgust kuni esa toliblar Afg‘onistonni Islom Amiriligi, deb e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

242

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing