O‘zbekiston “Tolibon” bilan Qo‘shtepa kanali masalasini muhokama qiladi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2023
12026Afg‘onistonning “Tolibon” hukumati tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali yuzasidan O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tuzilmoqda. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, delegatsiya yil oxiriga qadar Afg‘onistonga yuboriladi.
“Hozircha ular (Afg‘oniston tomoni) kanalni ochgani yo‘q, kecha ko‘rsatganlari bu sizot (yerostidan sizib chiqadigan) suvlari edi. Daryoda qurilish ishlari to‘liq yakunlanmadi. Biroq, xohlaymizmi, yo‘qmi, (Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi) suv hajmiga ta’sir qiladi, kamayishiga olib keladi. O‘zlashtirish uchun hali yillar kerak, kanalni qurishning o‘zi bo‘lmaydi”, deydi viloyat hokimi.
Ulug‘bek Qosimovning ta’kidlashicha, kanal qazish ishlariga mutaxassislar zarur bo‘ladi. Bundan tashqari, yerni o‘zlashtirish, suvni ishlatish joyi talab qilinadi.
“O‘zlashtirish ham katta mablag‘ talab qiladi. Biz suvning boshidamiz, hammaga ta’siri bo‘ladi, albatta. Ungacha [masala] hukumatlararo [darajada] ko‘rib chiqiladi”, deydi Ulug‘bek Qosimov.
Viloyat hokimi holatni o‘rganish maqsadida Prezident topshirig‘i bilan hukumat delegatsiyasi tuzilayotganini, unda o‘zi ham borligini ma’lum qildi.
“Borsak, bu masalani (suv taqsimotini), albatta, ko‘taramiz. Hozir qachon borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, ularga xatlar yuborilgan, tashrif bir-bir yarim oy ichida bo‘lib qoladi”, deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning Balx viloyati Kaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyatidan o‘tib, Faryob viloyatining Andxoy tumanigacha yetib boradi. Kanalning uzunligi 280 kilometrni, eni esa 100 metrni tashkil etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev "Qo‘shtepa" kanali qurilishi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan edi. Prezident uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv balansini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini aytgan edi.
“Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan biz Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga o‘z munosabatini bildirar ekan, “Tolibon”ning Energetika va suv vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur Afg‘oniston qo‘shni davlatlar bilan Amudaryo suvidan foydalanish muammosini muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” Qo‘shtepa kanali qurilishining birinchi bosqichini yakunlab, ikkinchi bosqichini boshladi.
Avvalroq, Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov O‘zbekiston kelajagida kutilishi mumkin bo‘lgan suv tanqisligi haqida gapirib o‘tgan edi.
LiveBarchasi