O‘zbekiston, Rossiya va Tojikiston harbiylarining tojik-afg‘on chegarasidagi mashg‘ulotlari yakunlandi

Jamiyat

image

Tarixda ilk bor O‘zbekiston, Rossiya va Tojikiston o‘rtasida Afg‘oniston chegarasida o‘tkazilgan antiterror harbiy mashqlari yakunlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida joylashgan “Xarb maydon” harbiy poligonida Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning 2,5 ming harbiy xizmatchisi ishtirokidagi qo‘shma mashqlar yakunlandi. 

“Biz Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining qo‘shma mashqlarini yakunlayapmiz. Birinchi marotaba Suriya Arab Respublikasi tajribasi asosida aviatsiya, razvedka-yong‘in majmualari, shuningdek, qo‘nimgohlarda bir-biridan farq qiluvchi guruhlashdan foydalanib o‘quv mashqlar o‘tkazildi”, deydi Rossiyaning Markaziy harbiy okrugi qo‘mondoni, polkovnik Aleksandr Lapin.

Uning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi va Markaziy Osiyo mintaqasining chegara mamlakatlariga radikal terrorchi guruhlarning kirib kelishi xavfi fonida o‘tkazilgan. 

“Ishonchim komilki, kelajakdagi birgalikda o‘tkazilgan mashg‘ulotlar harbiy hamkorlikni mustahkamlaydi, mamlakatlarimizni harbiy tajovuzdan himoya qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Lapin. 

Tojikiston Mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzoning so‘zlariga ko‘ra, bunday antiterror mashqlar uch davlat tarixidagi ilk harbiy hamkorlik hisoblanadi.

“So‘nggi bir necha yil ichida Yaqin Sharq mamlakatlari hududidagi keskinlik Afg‘onistonga ko‘chgan. Shuningdek, so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan jarayonlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mintaqamizdagi vaziyat Afg‘onistonning siyosiy vaziyatiga bog‘liq”, deydi u.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari general-mayori Shuhrat Xolmuhamedov ham Afg‘onistondagi vaziyatdan tashvishda ekanini bildirdi. 

“Vaziyat bizdan doimo hushyor bo‘lishni va jangovar tayyorgarlikni talab qiladi”, deya ta’kidlagan u.

Ma’lumot o‘rnida, jami uch mamlakatdan mashg‘ulotlarga 2,5 ming harbiy xizmatchilar jalb qilingan, shundan 1,8 ming Rossiya harbiylari. Shuningdek Rossiyadan 500 ga yaqin qurol va harbiy texnika keltirilgan. Mashg‘ulotlarda Rossiya Qurolli Kuchlarining 201-harbiy baza bo‘linmasi ishtirok etgan.
 

 Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston O'zbekiston

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing