Kurs UZS

USD

12 920.44

5.44

EUR

14 252.54

295.3

RUB

153.52

-0.03

O‘zbekiston Markaziy Osiyo olimlarini “kelishib olish uchun” Toshkentga chorlayapti

Tahlil

image

Abu Ali Ibn Sino tojikmi yoki o‘zbek? Bir necha kundan beri mana shu savol O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bunga dunyoning mashhur axborot platformalaridan biri – CNN’da chop qilingan bir qator allomalar haqidagi turkum maqolalar sabab bo‘ldi. Gap shundaki, maqolalarda Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali Ibn Sino kabi olimlar o‘zbek deb atalgan. Tojikiston Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon esa bunga e’tiroz bildirib, Abu Ali Ibn Sino o‘zbek deb noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi. 

“Bu qo‘shni davlatning rasmiy pozitsiyasi emas, aksincha, noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lgan asossiz bayonotlar”, degan vazir matbuot anjumanida.

Matlubaxon Sattoriyon Abu Ali Ibn Sino buyuk olim va madaniyat arbobi ekani, uning merosi xalqaro ahamiyatga molik va, albatta, bir millatga emas, balki butun insoniyatga tegishli ekanini alohida ta’kidlagan.

“Uning ilmiy hissasi va falsafiy asarlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan bo‘lib, ko‘p asrlar davomida tojik va jahon ilm-fanining muhim qismi bo‘lib kelgan”, deya qo‘shimcha qildi u.

Sattoriyon, shuningdek, tojik olimlari va tadqiqotchilari millatning madaniy va ilmiy merosini o‘zlashtirishga urinayotganlarga ilmiy asoslangan javob bera olishiga ishonch bildirgan. Vazir tarixiy shaxslarga xolis yondashish muhimligini ta’kidlab, xalqaro ommaviy axborot vositalarini tarixiy faktlarga oid materiallarni sinchiklab tekshirish zarurligi haqida ogohlantirdi.

QALAMPIR.UZ olimlarning mazkur mavzudagi fikrlari bilan qiziqib, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, tarix fanlari doktori, akademik Azamat Ziyo direktor o‘laroq institut pozitsiyasini e’lon qilgan va siyosatchilardan olimlar ishlariga aralashmaslikni so‘ragan.

“Hurmatli siyosatchilarimiz, iltimos, biz – olimlar ishiga aralashmanglar. Tarix fani bizning ishimiz, so‘nggi so‘zni olimlar aytishlari kerak. Shunda ham chuqur, birlamchi manbalarga asoslangan, xolis va ilmiy izlanishlar orqali”, degan u.

Shuningdek, uning fikricha, Markaziy Osiyo tarixchilari o‘rtasida o‘zaro aloqa va birdamlik yetishmayapti. Shu sababli ham Azamat Ziyo Markaziy Osiyo olimlarini “kelishib olish uchun” Toshkentga chorlamoqda.

“Biz tarixchilar haligacha yig‘ilib, gaplashish u yoqda tursin, bir-birimizni bilmaymiz ham. Fursatdan foydalanib, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistonda tarix, arxeologiya, sharqshunoslik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar direktorlarini Toshkentga chorlayman. Avvalo o‘zaro tanishib olaylik, ilmiy faoliyatlarimizdagi yutuq va kamchiliklarimizdan so‘ylaylik. O‘shanda maqsadimiz va oldimizdagi vazifalar bir ekani va birlashib ishlashimiz shartligi, milliy masaladan-da dolzarbroq mavzular borligi oydinlashadi”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti direktori.

Shuningdek, akademik Azamat Ziyo o‘zining 40 yildan buyon manbashunos sifatida Turon, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganib kelayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, temuriylar davrida Turon va Eron ahli “turk va tojik”dan iborat bo‘lgani haqida manbalar mavjud, ammo ko‘plab mutafakkirlarning aynan qaysi millatdan ekani haqida ma’lumotlar yo‘q.

“Umuman aytganda esa Abdurahmon Jomiy tojik, Abu Nasr Forobiy qozoq, Mahmud Qoshg‘ariy qirg‘iz, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy o‘zbek deb yozilgan bironta yozma manba yo‘q! Ibn Sinoning ham millati haqida birorta guvohlik yo‘q. Agar ularning yozgan asarlari tilidan kelib chiqilsa, ular arab bo‘lishlari kerak. Internetning qulog‘ini burasak, chindan ham Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy va yana boshqa yuzlab mutafakkirlarni arab olimi, arab madaniyati vakili, islom olimi, musulmon olimi deb yozishmoqda. Bunga nima deyishimiz kerak? Har holda endigi 22 ta arab davlatiga da’vo bilan chiqmasak kerak”, degan olim.

Bundan tashqari, akademik Azamat Ziyo hissiyotga berilmay, birlashishni va Markaziy Osiyoni maydalab yutishlariga yo‘l qo‘ymaslikdan hamma manfaatdorligini eslatib, xalqlarni shu yo‘ldan boshlash kerakligini ta’kidlagan.

Ibn Sino – Markaziy Osiyo farzandi

Tojikiston Madaniyat vaziri Sattoriyonning matbuot anjumanida so‘zlagan norozi ohangdagi nutqi bir necha o‘zbekistonlik jamoat faollarini ham muhokamaga undadi. Ulardan biri “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov munosabat bildirib, Abu Ali Ibn Sino kabi ulug‘ shaxslarning merosi butun mintaqa va butun dunyoga tegishli ekanini ta’kidladi.

“Bugun biz “bu seniki” yoki “bu meniki” deb emas, asosiy e’tiborimizni mintaqamizning kelajagi uchun muhim bo‘lgan real ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarga qaratishimiz kerak”, deb yozadi Bekmurodov.

Shuningdek, deputat Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sishning barqarorligi va xavfsizlik kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashayotganini eslatib, ularni hal etish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda rivojlanish ustida bosh qotirish zarurligini qo‘shimcha qilgan.

“Biz o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy farovonlikka intilish yo‘liga sodiqmiz”, deydi Bobur Bekmurodov.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda jurnalist o‘zining Facebook sahifasida yozdi. U Markaziy Osiyo davlatlari endi haqiqatdan ham birlashayotgan tarixiy bir paytda, o‘zaro chegaralar ochilib, barcha sohalarda mukammal hamkorlik rivojlanayotganda barcha o‘z aytayotganini yetti o‘lchab bir kesib gapirishi kerakligini yozgan. Qudratxo‘ja IX-X asrlarda mintaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston deb tavsiflanish bo‘lmaganini aytgan.

“O‘sha zamonlardagi ilm-fan va ma’rifatning yuksalishi, renessans davrining cho‘qqiga chiqishining bosh omillaridan biri mintaqamizdagi bir jug‘rofiy hudud qamrovidagi yaratilgan erkin muhitdir. Abu Ali Ibn Sino mashhur tabib, faylasuf, matematik va olim, Buxoro yonida tug‘ilgan. Uning tug‘ilgan joyi hozirgi kunda O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi hisoblanadi. Ibn Sinoning millati to‘g‘risidagi savol qanchalik o‘rinsiz bo‘lsa-da, sizga shuni ma’lum qilmoqchimanki, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga, albatta, salbiy ta’sir qilmay qolmaydi va shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollarda o‘zining g‘arazli maqsadlarida foydalanadi. Biz bugun katta mintaqada yashar ekanmiz, ilm-fan, adabiyot, ma’rifat sohasida cho‘qqiga chiqqan ulug‘ olimlarni seniki, meniki demasdan bir zaminda yashagan bobolarimizning munosib farzandlari bo‘lishimiz kerak”, deya yozgan u.

Shuningdek, ta’kidlash kerakki, asrlar oldin yashagan mutafakkirlarning qaysi millatga mansub ekani mazkur millatga hech qanday imtiyoz bermaydi. Ularning bilimlari, qoldirgan ilmiy meroslari va kashfiyotlaridan insoniyat hayotini yaxshilash va yengillashtirish yo‘lida foydalanish manfaatliroq bo‘ladi. Qolaversa, akademik Azamat Ziyo aytganidek, siyosatchilar tarixni tarixchilarga qo‘yib berishi va o‘z ishlarini bajarishi lozim. Axir Markaziy Osiyo xalqlari qarshisida integratsiyalashuvdek muhim va e’tibortalab masalalar mavjud. 30 yildan oshiq vaqt mobaynida muhokama qilib kelinayotgan mavzu – integratsiyalashuvga iqtisodiy, tashqi geosiyosiy bosim, harbiy-siyosiy, hududiy muammolar kabi omillar va etnik-ijtimoiy bo‘linish to‘g‘onoq bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, azalki, bir daryodan suv ichib kelayotgan xalqlarning biridan boshqasining ustun bo‘lganiga urg‘u berish – xalqlarni ajratishga qaratilgan harakat demakdir.

Ma’lumot uchun, Abu Ali Ibn Sino 980 yil 18 iyunda Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan va 1037 yilning 16 avgustida Hamadon (Erondagi shahar)da vafot etgan. U tavallud topgan hudud ayni paytda Buxoro viloyatining Peshku tumaniga to‘g‘ri keladi. Ibn Sinoning otasi Abdulloh esa Balx shahridan bo‘lib, bu shahar hozirgi Afg‘oniston yeridir.

Iqbol Ergashova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Azamat Ziyo CNN Matlubaxon Sattoriyon Abu Ali Ibn Sino

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing