Ibn Sino – o‘zbek allomasi, deb atalgani uchun Tojikiston vazirining avzoyi buzildi (video)

Olam

image

CNN tomonidan yaqinda chop etilgan maqolaga javoban o‘z rasmiy pozitsiyasini bildirgan Tojikiston Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon ushbu maqolada Abu Ali ibn Sino “noto‘g‘ri” ravishda o‘zbek olimi deb atalganidan norozi bo‘ldi. Bu haqda u bugun, 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, CNN materialida aytilgan ayblovlar tarixiy asosga ega emas va nufuzli tarixiy manbalarni e’tiborsiz qoldiradigan noto‘g‘ri talqinlarni ifodalaydi.

“Bu qo‘shni davlatning rasmiy pozitsiyasi emas, aksincha, noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lgan asossiz bayonotlar”, dedi Sattoriyon.

U bu kabi harakatlarga diplomatik odob doirasida qat’iy javob talab etilishini ta’kidlagan. Vazir Abu Ali ibn Sino buyuk olim va madaniyat arbobi ekani, uning merosi xalqaro ahamiyatga molik va, albatta, bir millatga emas, balki butun insoniyatga tegishli ekanini alohida ta’kidlagan.

“Uning ilmiy hissasi va falsafiy asarlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan bo‘lib, ko‘p asrlar davomida tojik va jahon ilm-fanining muhim qismi bo‘lib kelgan”, deya qo‘shimcha qildi u.

Sattoriyon, shuningdek, tojik olimlari va tadqiqotchilari tarix va madaniyat sohasida chuqur bilimga ega bo‘lgan holda, millatning madaniy va ilmiy merosini o‘zlashtirishga urinayotganlarga ilmiy asoslangan javob bera olishiga ishonch bildirgan. Vazir tarixiy shaxslarga xolis yondashish muhimligini ta’kidlab, xalqaro ommaviy axborot vositalarini tarixiy faktlarga oid materiallarni sinchiklab tekshirish zarurligi haqida ogohlantirdi.

Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, Abu Ali ibn Sino 980 yilning 18 iyunida Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan va 1037 yilning 16 avgustida Hamadon (Erondagi shahar)da vafot etgan. U tavallud topgan hudud ayni paytda Buxoro viloyatining Peshku tumaniga to‘g‘ri keladi. Ibn Sinoning otasi Abdulloh esa Balx shahridan bo‘lib, bu shahar hozirgi Afg‘oniston yeridir.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Abu Ali ibn Sino Madaniyat vaziri CNN Matlubaxon Sattoriyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing