Sherzodxon Qudratxo‘ja ham Tojikiston vazirining bayonotiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
27 yanvar
29476O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Tojikiston Madaniyat vazirining ulug‘ mutafakkir Abu Ali ibn Sino haqidagi gaplariga o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida yozdi.
U Markaziy Osiyo davlatlari endi haqiqatdan ham birlashayotgan bir tarixiy paytda, o‘zaro chegaralar ochilib, barcha sohalarda mukammal hamkorlik rivojlanayotganda barcha o‘z aytayotganini yetti o‘lchab bir kesib gapirishi kerakligini yozgan. Qudratxo‘ja IX-X asrlarda mintaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston deb tavsiflanish bo‘lmaganini aytgan.
“O‘sha zamonlardagi ilm-fanning va ma’rifatning yuksalishi, Renessans davrining cho‘qqiga chiqishining bosh omillaridan biri mintaqamizdagi bir jug‘rofiy hudud qamrovidagi yaratilgan erkin muhitdir. Abu Ali ibn Sino mashhur tabib, faylasuf, matematik va olim, Buxoro yonida tug‘ilgan. Uning tug‘ilgan joyi hozirgi kunda O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi hisoblanadi. Ibn Sinoning millati to‘g‘risidagi savol qanchalik o‘rinsiz bo‘lsa-da, sizga shuni ma’lum qilmoqchimanki, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga, albatta, salbiy ta’sir qilmay qolmaydi, va shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollarda o‘zining g‘arazli maqsadlarida foydalanadi. Biz bugun katta mintaqada yashar ekanmiz, ilm-fan, adabiyot, ma’rifat sohasida cho‘qqiga chiqqan ulug‘ olimlarni seniki, meniki demasdan bir zaminda yashagan bobolarimizning munosib farzandlari bo‘lishimiz kerak”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon CNN tomonidan yaqinda chop etilgan maqolaga javoban o‘z rasmiy pozitsiyasini bildirgan holda, ushbu maqolada Abu Ali ibn Sino “noto‘g‘ri” ravishda o‘zbek olimi deb atalganidan norozi bo‘lgandi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, CNN materialida aytilgan ma’lumotlar tarixiy asosga ega emas va nufuzli tarixiy manbalarni e’tiborsiz qoldiradigan noto‘g‘ri talqinlarni ifodalaydi. U bu kabi harakatlarga diplomatik odob doirasida qat’iy javob talab etilishini ta’kidlagan. Vazirning bu bayonotiga “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov o‘z fikrini bildirib, Abu Ali ibn Sino kabi ulug‘ shaxslarning merosi butun mintaqa va butun dunyoga tegishli ekanini aytdi.