AQSHdan boshpana so‘rab borgan o‘zbekistonliklar tergov qilinyapti
Olam
−
31 avgust 2023
21803Federal qidiruv byurosi (FQB) Meksika orqali AQSHga kirgan o‘ndan ziyod O‘zbekiston fuqarosini tergov qilmoqda.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHdan boshpana so‘rab borgan o‘zbekistonliklar mamlakatning janubiy chegarasiga ISHIDga aloqador kontrabanda guruhi yordamida yetib kelgan.
Ularning ISHIDga aloqadorligi hamda terror tashkilotining bu boradagi aniq rejasiga oid biror ma’lumot bo‘lmasa-da, byuro o‘zbekistonliklarni atroflicha tergov qilmoqchi.
Aytilishicha, joriy yil boshida O‘zbekistondan kelgan muhojirlar guruhi boshpana so‘rab, AQSH rasmiylariga murojaat qilgan. Shundan so‘ng, ular Ichki xavfsizlik departamenti tomonidan tekshirilgan va sudgacha AQSHga qo‘yib yuborilgan.
Keyinchalik FQB chet el fuqarolariga AQSHga sayohat qilishda yordam beradigan odam kontrabandasi tarmog‘i mavjudligini aniqlagan. Bu tarmoqning ISHID bilan aloqasi borligi to‘g‘risida dalillar paydo bo‘lgach, butun mamlakat bo‘ylab muhojirlarni topishni va ularning kelib chiqishini tekshirishni boshlagan.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, ISHIDga aloqador kontrabandachi terror guruhining a’zosi emas, balki tashkilotga shaxsiy xayrixohlik bildiruvchi mustaqil pudratchiga o‘xshaydi. Hozirda razvedka hamjamiyatining fikricha, u ISHID buyrug‘i bilan bu shaxslarga yordam bergani asoslanmagan.
CNN'ning yozishicha, muhojirlar hamon FQB tomonidan jinoiy tahdid sifatida tekshirilmoqda.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi