Bu MO birdamligi ruhiga mos emas – Bekmurodov Tojikiston vazirining chiqishi haqida

Jamiyat

image

Avvalroq, CNN tomonidan yaqinda chop etilgan maqolaga javoban o‘z rasmiy pozitsiyasini bildirgan Tojikiston Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon ushbu maqolada Abu Ali ibn Sino “noto‘g‘ri” ravishda o‘zbek olimi deb atalganidan norozi bo‘lgani xabar qilingandi. Mazkur vaziyatga “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov munosabat bildirdi.

"So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlab, umumiy muammolarni birgalikda hal etishga intilmoqda. Xalqlarimizni chuqur tarixiy ildizlar, madaniy qadriyatlar va kelajakka mushtarak nazar birlashtiradi", deydi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Abu Ali ibn Sino kabi ulug‘ shaxslarning merosi butun mintaqa va butun dunyoga tegishlidir. "Shu nuqtai nazardan, Tojikiston Madaniyat vazirining CNN nashrida chop etilgan maqola yuzasidan bildirgan e’tirozi afsuslanarli. Bunday bayonotlar Markaziy Osiyo yakdilligi va birdamligi ruhiga mos emas".

"Bugun biz “bu seniki” yoki “bu meniki” deb emas, asosiy e’tiborimiz mintaqamizning kelajagi uchun muhim bo‘lgan real ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarga qaratilishi kerak", deb yozadi Bekmurodov. 

Shuningdek, deputat Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sishning barqarorligi va xavfsizlik kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashayotganini eslatib, ularni hal etish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda  rivojlanish ustida bosh qotirish zarurligini qo‘shimcha qilgan.

"Biz o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy farovonlikka intilish yo‘liga sodiqmiz", deydi Bobur Bekmurodov.

Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, Abu Ali ibn Sino 980 yilning 18 iyunida Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan va 1037 yilning 16 avgustida Hamadon (Erondagi shahar)da vafot etgan. U tavallud topgan hudud ayni paytda Buxoro viloyatining Peshku tumaniga to‘g‘ri keladi. Ibn Sinoning otasi Abdulloh esa Balx shahridan bo‘lib, bu shahar hozirgi Afg‘oniston yeridir.


Maqola muallifi

Teglar

Abu Ali ibn Sino Bobur Bekmurodov Matlubaxon Sattoriyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing