O‘zbekiston Kiyevdagi elchixonasini ko‘chiradimi?

Olam

image

O‘zbekiston Kiyevdagi elchixonasini ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov ma’lum qildi.

“Ayni paytda bizning asosiy ustuvor vazifamiz Ukrainadagi mavjud og‘ir vaziyatni inobatga olgan holda barcha O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlashdir. Elchixonaning boshqa hududga ko‘chirilishi bu jarayonlar samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Shu nuqtayi nazardan hozirda elchixonamizni Kiyevdan ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti”, deydi rasmiy vakil.

Yusuf Qobuljonovga ko‘ra, faol harbiy harakatlar olib borilayotgan Ukrainaning ayrim aholi punktlaridan, xususan, Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan fuqarolarni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Ushbu shaharlardan fuqarolarni olib chiqish harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin tashkil etiladi, ungacha himoyalangan bunkerlarda qolish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi o‘rtalarida AQSH Ukrainadagi elchixonasini vaqtincha Kiyevdan Lvovga ko‘chirgandi. AQSH ortidan Buyuk Britaniya Ukrainadagi elchixonasini Lvovga ko‘chirishga qaror qilgan. Avstraliya va Kanada ham xuddi shunday choralar ko‘rgan. Janubiy Koreya ham Kiyevdagi elchixonasini yopdi. NATO Kiyevdagi ofisini yopdi.

Ma’lumot uchun, bugun, 2 mart holatiga ko‘ra, umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali beshta aviareyslar bilan 1 186 nafar o‘zbekistonlik olib kelingan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing