O‘zbekiston qidiruvga bergan shaxs Qozog‘istonda qo‘lga olindi (video)
Olam
−
03 Oktabr
7458O‘zbekistonda 2023 yilning noyabridan beri qidiruvda bo‘lgan fuqaro Qozog‘istonda qo‘lga olindi. Bu haqda “Polisia.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan haftada Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi kriminal politsiyasi xodimlari tomonidan bir nechta davlatda qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan. Xususan, Olmaota viloyatining Kaskelen shahrida O‘zbekiston fuqarosi ushlangan. U Toshkent viloyatidagi shirkat rahbari sifatida 2021-2023 yillarda ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash uchun hujjatlarni soxtalashtirib, 180,5 million so‘m pulni o‘g‘irlagan va 2023 yilning noyabridan beri qidiruvda bo‘lgan.
Bundan tashqari, Turkiston viloyatida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan 39 yoshli Tojikiston fuqarosi qo‘lga olingan. U 2023 yil aprel oyida Samara shahrida janjaldan so‘ng tanishini o‘ldirib, o‘tgan yilning oktyabr oyidan beri qidiruvda bo‘lgan.
Shuningdek, Olmaota politsiyasi Bishkekda o‘gay qizini zo‘rlagan 47 yoshli Turkiya fuqarosini qo‘lga olgan. U Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qidiruvga berilgan bo‘lgan.
Shu bilan birga, Qizilo‘rda shahrida 2022 yilda Sochi shahri aholisidan firibgarlik yo‘li bilan 1 million rubl miqdorida pul olib, o‘z xohishiga ko‘ra ishlatib kelgan 30 yoshli Rossiya Federatsiyasi fuqarosi qo‘lga olingan. U shu yilning aprel oyidan beri qidiruvda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari Interpol tashabbusi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan 1992 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosini hibsga olgan edi.
LiveBarchasi