O‘zbekiston ichki ishiga “burun suqqan” Zaxarovaga Qodirov javob qaytardi
Jamiyat
−
26 Sentabr
29857Avvalroq, Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi birinchi ish kunida 6-sinf o‘quvchisini ayovsiz kaltaklagani haqida xabar berilgandi. Buning ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistondan mazkur holatga izoh berishini so‘radi.
Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilgan va chorasi ham O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi.
“Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘palondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli”, degan Alisher Qodirov.
Ma’lumot uchun, Rossiya tushuntirish talab qilayotgan voqea 23 sentyabr kuni taxminan soat 15:00 lar atrofida Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. 6-“V” sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Videoda o‘qituvchi bolani kurakda turmaydigan gaplar bilan haqorat qilib, doskaga qisib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, bir necha marta urgani aks etgan.
Bundan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.
Bolaning onasi aytishicha, sinf rahbari ham bolaga bunday zo‘ravonlik sodir bo‘lganidan xabar topgan bo‘lsa-da, vaziyatni to‘liq o‘rganmay, bolani eshitmay, hodisaga uning o‘zi aybdorligini aytib, butun sinf oldida o‘qituvchidan kechirim so‘rashga bolani majbur qilgan. Bunday munosabat natijasida, bola hozirda juda tushkun holatda ekanligi va maktabga borishni istamayotganligini bildirib, ona Bolalar ombudsmanidan farzandining buzilgan huquqlarini himoya qilishni so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining IIV va MMTV ga so‘rovi asosida mazkur holat o‘rganilmoqda. Hozirda Chilonzor tumani IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
LiveBarchasi