O‘zbekiston Googoosha'ning qaytarilgan aktivlarini istagancha ishlatolmaydi
Jamiyat
−
15 fevral 2022
14670O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘llar bilan egallangan mol-mulklarini mamlakatga qaytarish uchun BMTning ko‘ptomolama trast jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 11 fevralda Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tgan. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko‘ptomonlama trast jamg‘armasini (Jamg‘arma) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Mazkur Jamg‘armadan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish yurituvi doirasida to‘liq musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun foydalaniladi. Shuningdek, Jamg‘arma Shveysariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qo‘shimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda taxminan 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor.
Jamg‘arma boshqaruv mexanizmi Shveysariya, O‘zbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveysariya va O‘zbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga to‘liq jalb etiladi. Jamg‘arma O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.
Ushbu loyihalar Jamg‘arma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan Jamg‘armaning monitoring va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamg‘arma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.
Jamg‘arma o‘z faoliyatini Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan so‘ng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamg‘arma va uning faoliyati haqida qo‘shimcha batafsil axborot beriladi.
Qaytarilgan mablag‘lar mamlakatimiz aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda ham Karimova xorijga olib ketgan mablag‘larning 10 mln dollari O‘zbekistonga qaytarilgandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi