Gulnora Karimovaning $10 mlni O‘zbekistonga qaytarildi. Bu pullar nimaga sarflanishi aytildi
Jamiyat
−
15 fevral 2022
25863O‘zbekiston vakolatli davlat organlarining mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘llar bilan egallangan mol-mulklarini mamlakatga qaytarish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari natijasida Fransiyadan 10 million AQSH dollari O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 11 fevralda Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko‘ptomonlama trast jamg‘armasini (Jamg‘arma) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
“Hozirgi kunda taxminan 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor”, deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan O‘zbekiston sudlarining Gulnora Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olingan va hozirda Rossiya tomoni bilan O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, Karimovaning qaytarilgan pullari BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun ajratiladi.
Qaytarilgan mablag‘lar aholi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda ham Karimova xorijga olib ketgan mablag‘larning 10 mln dollari O‘zbekistonga qaytarilgandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
LiveBarchasi