O‘zbekiston elchisi Pokiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
29 Oktabr
1821Kecha, 28 oktyabr kuni O‘zbekistonning yangi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahridagi “Ayvan-ye-Sadr” saroyida Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriyga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
“Pokiston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisiga chuqur hurmat va ehtirom izhor etib, eng ezgu va samimiy tilaklarini yetkazishni so‘radi. Prezident Asif Ali Zardoriy O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi uzoq muddatli birodarlik munosabatlarining mustahkam poydevori bo‘lgan mushtarak madaniy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy rishtalarning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u respublikaning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari tahsinga loyiqligini e’tirof etib, ikki tomonlama aloqalarni, ayniqsa, savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohalarida yanada rivojlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, muloqot chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yuqori salohiyat mavjudligiga e’tibor qaratilgan. Yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazishning muhimligi qayd etilgan.
“Madaniy-gumanitar, turizm almashinuvi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pokiston rahbari mamlakat fuqarolarining O‘zbekistonga borishi uchun viza tartibi soddalashtirilganidan mamnunlik bildirdi. Joriy yil noyabr oyida qayta tiklanishi rejalashtirilgan Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun yangi turtki bo‘lishi urg‘ulandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Alisher To‘xtayev Toshkent davlat yuridik institutini (hozirgi Toshkent davlat yuridik universiteti) tugatgach, Tashqi ishlar vazirligi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Prezident administratsiyasida mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, u O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasida ham avval maslahatchi, so‘ngra rais o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. Elchilikka tayinlanishidan oldin u O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi 6 oktyabr kuni Islomobodga yetib borgan edi. Alisher To‘xtayev 2021–2024 yillarda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimida ishlab kelgan va Afg‘onistonga elchi etib tasdiqlangan Oybek Usmonov o‘rniga tayinlandi. Oybek Usmonov esa O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlandi.
LiveBarchasi