O‘zbekiston 6 ta tezyurar elektropoyezd sotib oladi
Jamiyat
−
14 avgust 2024 6489 1 daqiqa
O‘zbekiston temiryo‘llari uchun Koreya Eksimbanki ishtirokida 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar xarid qilinadi. Bu haqda 12 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, bu borada 2024 yil 14 iyunda Koreya Respublikasining “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan. Qarorga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 220,03 mln yevroga teng bo‘lib, loyihani amalga oshirish davri 6 yilni tashkil qiladi.
Mazkur loyiha bilan yo‘lovchi tashishni yiliga 1,3 mln nafarga yetkazish hamda 300 nafardan ortiq qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Loyihaning o‘z-o‘zini oqlash taxminiy muddati esa 25,1 yil etib belgilangan.
Koreya Eksimbankining qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organlar – “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ va uning tarkibidagi “Temiryo‘lekspress” AJ hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil yakuniga qadar 465 km bo‘lgan Buxoro-Urganch-Xiva, 2026 yil yakuniga qadar 196 km bo‘lgan Miskin-Nukus temiryo‘l uchastkalarida elektrlashtirish ishlarining yakunlanishi natijasida elektropoyezdlar harakati 250km/soatgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadan Toshkentga 3 ta metro poyezdi olib kelingandi.
Live
Barchasi