“O‘zbekiston hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi”. Norboyeva Prilepinga javob berdi (video)

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olish haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. Bu haqda u bugun, 25 dekabr kuni “Senat raisi va yoshlar” ochiq muloqotida so‘z ochdi.

“Mana ko‘ryapsizlar, internetda “O‘zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz”, degan qanaqadir chiqishlar bo‘lib ketdi, to‘g‘rimi? O‘zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi. Bundan keyin bo‘lmaydi. Mana shu narsani miyangizga qo‘yib oling! Bilasizlar, buni men sizlarga targ‘ibot qilishim kerak emas. Hammangizning yuragingizda shu bor”, degan Norboyeva yoshlar bilan uchrashuvda.

Senat raisi mamlakatda jadidlar faoliyatini o‘rganishga e’tibor kuchayganini va buning nima uchun muhim ekanini tushuntirgan.

“Mana jadidchilik faoliyatini nima uchun Prezident oldinga surib, harakat qilyapti? Shuni har birimiz o‘rganishimiz kerak. Buni har birini o‘rganinglar, deyapti Prezident. Chunki qaranglar, jadid otalarimiz-onalarimiz (ularning ichida ayollar ham bo‘lgan ekan, shundan xursand bo‘ldik) nima degan? Aytganki, o‘y-xayolimiz ham, ishimiz ham bir xil bo‘lishi kerak. Mana shularning hammasi bitta bo‘lishi kerak va davlat sifatida har xil narsalardan o‘zimizni himoya qilib, yorug‘likka chiqishimiz, zamonaviy ilm-fan, zamonaviy kasblarni egallashga da’vat qilgan bizning jadid otalarimiz-onalarimiz. Ular qorong‘ilikda qolib ketgan. Mana hozir Prezidentning sa’y-harakatlari bilan ular yorug‘likka chiqdi”, deya ta’kidlaydi Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgandi. Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir  deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.

Jamoatchilik orasidagi noroziliklardan so‘ng, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov 21 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Uchrashuvda Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi Toshkentda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplariga munosabat bildirib, bu Prilepin shaxsiy fikri ekanini, Moskva bilan bog‘liqlik joyi yo‘qligini aytdi

“Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi raisi Sergey Mironov Zaxar Prilepinga O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olish haqidagi gaplari uchun hech qanday jazo berilmasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Zaxar Prilepin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing