O‘zbek bokschilari qanday “toychoq” minadi? (2-qism)
Sport
−
22 avgust 2023
20405Kecha QALAMPIR.UZ o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarining shaxsiy avtomobillariga ham e’tibor qaratib, “O‘zbek bokschilari qanday “toychoq” minadi?” nomli maqola e’lon qilgan edi. Mazkur mavzu ko‘pchilikni qiziqtirgani sabab tahririyat muxbiri Shahzod Shukurov yana bir nechta o‘zbekistonlik bokschilarga murojaat qilib, ularning qanday avtomobilda yurishi haqida axborot oldi. To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati Mercedes-Benz avtomobillariga qiziqadi.
Abdumalik Halokov – Gentra
Shu yili Toshkentda o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib chiqqan Abdumalik Halokovning ham tanlovi hozircha Gentra avtomobili hisoblanadi. E’tiborlisi, Gentra’ni unga otasi sovg‘a qilgan.
Halokovga Mercedes-Benz rusumidagi avtolar yoqadi. Ayniqsa, bokschi Mercedes G-Class”ga juda ishqiboz. Shuningdek, Halokov Mercedes-Benz CLS, ya’ni xalq tilida Mercedes (banan) deb nomlanuvchi “toychoq”larni yoqtiradi.
Laziz Mullajonov – Monza
Toshkent shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha Jahon chempionatining chorak finalida ikki karra Olimpiya chempioni, besh karra jahon chempioni Xulio Sezar La Kruzni mag‘lub etib, ancha-muncha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Laziz Mullajonov tez orada Chevrolet Monza avtomobilini xarid qilishni rejalashtirgan.
Mullajonovga ham yaqin do‘sti Abdumalik Halokovga o‘xshab Mercedes-Benz avtobrendining mashinalari ma’qul. Ayniqsa Mullajonovning Mercedes G-Class va Mercedes-Benz CLS rusumlariga mehri bo‘lakcha.
Shohjahon Ergashev – Malibu
Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) kamari uchun majburiy da’vogar bo‘lib turgan Ergashev O‘zbekistonda oxirgi rusumdagi Malibu avtomobiliga ega. Ergashevga ko‘ra, 3 oy oldin u ayoliga Malibu sovg‘a qilgan, biroq rafiqasi mashinadan hozirda foydalanmayotgani uchun sportchining o‘zi mashinadan kundalik ehtiyojlar uchun foydalanib keladi.
Ergashevning sevimli avtomobili esa Toyota Land Cruiser hisoblanadi. Sportchi Rossiyada yashagan vaqtlarida aynan shu rusumdagi mashinani sotib olib, 3 yil foydalangan. Ergashev oxirgi vaqtlarda Moskvaga kam borayotgani bois, “Dvuxsotka”ni sotib yuborgan.
“Men uchun eng zo‘r mashina bu Toyota Land Cruiser, chunki u tez ta’mirtalab ahvolga tushib qolmaydi. Men O‘zbekistonda asosan tog‘larga va uloq ko‘pkariga boraman. Men boradigan joylar uchun “Dvuxsotka” ayni muddao, deydi Ergashev.
Bokschining Malibu’si avtosalonda 419 million so‘mga sotilmoqda, Toyota Land Cruiser esa aniq bir rusumiga qarab 754 milliondandan 1 milliard 30 million so‘mgacha qiymatga ega.
Bahodir Jalolov – Toyota Land Cruiser Prado
Olimpiya chempioni, ikki karra jahon chempioni Bahodir Jalolov hozirda profboksdagi navbatdagi jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U 26 avgust kuni nigeriyalik Onoriode Ehveriyemega qarshi 8 raundlik bahsda ringga ko‘tariladi.
Jalolov Toyota Land Cruiser Prado avtomobilini 80 ming AQSH dollariga xarid qilgan. Sportchining garajida Toyota’dan tashqari Mercedes-Benz markasidagi avtomobil ham bor. “Toychoq”ning qiymati esa 150 ming dollarni tashkil etadi.
Tokio-2020 Olimpiadasidagi g‘alaba uichun bokschiga Prezident sovg‘asi – Tahoe avtomobili sovg‘a qilingandi. Hozirda ushbu sovg‘adan Surxondaryoda, sportchining yaqinlari foydalanmoqda.
LiveBarchasi