“UzAuto Motors” Kusherboyevning ustidan arz qilib, parlamentga xat kiritdi
Jamiyat
−
14 avgust 2020
22404“UzAuto Motors” Aksiyadorlik jamiyati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ustida parlamentga shikoyat qilib, xat kiritdi. Bu haqda deputat Shuhrat Sharofutdinov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Joriy yilning 10 avgust kuni Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda “UzAuto Motors” AJning parlamentga yo‘llagan xati fraksiya a’zolari tomonidan muhokama etilgan.
“Ushbu aksionerlik jamiyatining xatida e’tirof etilishicha, qisqacha aytganda, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Rasul Kusherboyev tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda, elektron ommaviy axborot vositalarida monopol tashkilotga nisbatan aytish lozimki, fuqarolar, saylovchilar tomonidan bildirilgan firklar va norozichiliklari asosida keltirilgan e’tirozlari “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyatining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar deb baholanmoqda hamda o‘zlarining bir qator asoslarini keltirishmoqda. To‘g‘risi, bu xatdagi bir necha holatlari meni taajjubga soldi”, deydi Shuhrat Sharofutdinov.
Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “UzAuto Motors” kompaniyasidan tez yordam uchun avtomobillarni imtiyoz bilan sotishini so‘rab chiqqan edi.
Uning ortidan kompaniya turli davrlarda ajratgan xayriya mablag‘lari haqida ma’lumot berib, deputatni noprofessionallikda aybladi.
Ammo shu bilan Rasul Kusherboyev va “UzAuto Motors” kompaniyasi o‘rtasidagi mojaro monopolistning javobi bilan to‘xtab qolmadi. Deputat navbatdagi yurishni amalga oshirdi.
Xalq vakili "UzAuto Motors" va uning faoliyatini yo‘naltirib turuvchi “O‘zavtosanoat” AJ jipslashib ketganiga, monopolist kompaniya “O‘zavtosanoat”ni o‘ziga tegishli tuzilma deb hisobayotganiga ishora qilgan.
“Men “O‘zavtosanoat” va “UzAuto Motors” boshqa-boshqa tashkilot, deb hisoblardim. Biroq “UzAuto Motors”ning mendan ranjib qilgan munosabatidan “UzAuto Motors” kompaniyasi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi barcha ishtirokchilarga teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berishi kerak bo‘lgan “O‘zavtosanoat”ni o‘ziga tegishli tuzilma, deb hisoblashi ko‘rinayapti. Bu “monopoliya kasalligi”ning asorati bo‘lsa kerak. Bo‘lmasam kompaniya “O‘zavtosanoat”ni ishlarini o‘ziga yopishtirib olishdan sal uyalgan bo‘lardi. Yo rostanam “O‘zavtosanoat” va “UzAuto Motors” nomi har xil o‘zi bitta tashkilotmi? Tushunarsiz”, degan edi deputat Kusherboyev.
Deputat Shuhrat Sharofutdinovga ko‘ra, “UzAuto Motors”ning parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida esa bir necha tushunarsiz holatlar mavjud.
“Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 10-moddasiga havola qilinib, xalq tomonidan saylangan Qonunchilik palatasining deputatini “alohida shaxs”, ya’ni vakolatli emasligiga ishora qilinib, O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga xaqli emas degan talqin keltirilmoqda. Shu o‘rinda, eslatib o‘tmoqchi edikki, ushbu moddada keltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibi quyi va yuqori palatalardan iborat bo‘lib, xalq tomonidan saylangan deputatlar va senat a’zolaridan (asosan mahalliy Kengash deputatlari ichidan saylanadigan) shakllantiriladi hamda ular qonun xujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida ularni saylagan xalq nomidan faoliyat olib borishadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasida “…deputat fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonun hujjatlarini buzishning boshqa hollari ma’lum bo‘lib qolgan taqdirda ularga darhol chek qo‘yish choralarini ko‘rish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli”- deb belgilab qo‘yilgan. Demak, Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev o‘z vakolati doirasidan chetga chiqmagan holda ish yuritgan.
Ikkinchidan, deputat o‘z chiqishlarida “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyatining o‘z tovarlariga qonun xujjatlariga asosan mustaqil ravishda narxlar va tariflarni belgilash xuquqiga daxl etgani yo‘q, aksincha “UzAuto Motors” yillar davomida aynan monopol tashkilot sifatida, raqobatning yo‘qligi sharoitida o‘z hisob-kitoblari bo‘yicha tovarlariga yuqori narxlar belgilab kelayotganligini tanqid ostiga olgan va fuqarolarning arzu-dodlariga quloq solishni so‘ragan. Ayniqsa, pandemiya sharoitida hech bo‘lmaganda, “tez yordam”ga mo‘ljallangan Damas rusumli avtomobillariga arzonroq narxlarni belgilab, mamlakat uchun sinovli davrda xalq dardiga bakor kelishni so‘ragan.
Endi aytingchi, deputatning qaysi harakati uchun “UzAuto Motors” AJ tomonidan parlamentga uning harakatlarini deputatlik odobi qoidalarinining buzilishi masalasi sifatida ko‘rib chiqilishini so‘rab murojaat etilmoqda. Bu sohadagi bor muammolarni ko‘rsatib, oshkora va ochiq oydin ko‘tarib chiqilganligi uchunmi yoki deputatlik faoliyati vakolat doirasida sidqidildan bajarilayotganligi uchunmi, yoki ko‘ra bila turib jim turilmaganligi uchunmi?
Men aytishim mumkinki, deputat Rasul Kusherboyev bu harakatida yolg‘iz emas! Bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida so‘z olgan barcha deputatlar partiyaning monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish borasidagi dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, deputatimiz harakatlarini qo‘llab-quvvatladilar va sohani tartibga solish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar”, deydi Sharofutdinov.
O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida sohadagi muammolarni o‘rganish va yechimini kutayotgan ko‘plab masalalarga javob olish maqsadida tegishli tartibda parlament eshituvini tashabbus etish bo‘yicha kelishib olingan.
LiveBarchasi